O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov AQSh elchisi Jonatan Devid Xennikni qabul qildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston — AQSh strategik sheriklik munosabatlarinining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

«Tomonlarning faol va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirishga tayyorligi qayd etildi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston va AQSh Strategik sheriklik muloqotining navbatdagi yig‘ilishi bilan bog‘liq tashkiliy va mazmundorligi jihatlari muhokama qilingan. Savdo, investitsiya, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.

Elchi AQSh ma’muriyatining O‘zbekistonga moliyaviy-texnik ko‘mak berish va pandemiyaga qarshi kurashda har tomonlama yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidlagan.

Mintaqaviy hamkorlik masalalariga, xususan, «C5+1» muloqot formati doirasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.

O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘maklashish va qo‘shni mamlakatda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholangan.

Uchrashuvda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikela Meredit ham ishtirok etgan.