Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida DBQ xodimlari va DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda chegaradosh mahallalardan birida shubha ostiga olingan shaxsga tegishli 2 ta yog‘och quti ko‘zdan kechirildi.

Natijada, maxsus yasalgan va bo‘lmalarga ajratilgan yashiklarda qo‘shni davlatdan noqonuniy ravishda olib kirilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 32 bosh olmaxonlar borligi aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, ularning ikkitasi qoniqarsiz sharoitdan nobud bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 30 mln so‘mga baholangan ushbu jonivorlar hozirda Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirildi.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq, 30 avgust kuni Misr davlatidan uchib kelgan fuqaro 56 ta timsoh bolasini, 31 avgust kuni esa Misrdan kelgan boshqa fuqarolar plastmassa idishlarda 10 ta buqalamunni xalqaro aeroportdagi bojxonadan o‘tkazmoqchi bo‘lgandi.

Shundan so‘ng jonivorlar Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha topshirilgandi. oktabr oyiga kelib ulardan 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun nobud bo‘ldi. Bojxona organlari holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.