Qashqadaryoning Qamashi tumanida «KamAZ» voyaga yetmagan qizni urib yubordi, deya xabar qilmoqda viloyat IIB axborot xizmati.

2022 yil 22 noyabr soat taxminan 12:30 larda haydovchi N.B. boshqaruvida bo‘lgan «KamAZ»ni A-378 Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘lidan G‘uzor tumani tomon boshqarib borib, Qamashi tumani «Uzun» MFY hududining 124-kmga kelganda piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan Qamashi tumani «Uzun» MFYda yashovchi voyaga yetmagan Q.S.ni urib yuborgan.

Oqibatda voyaga yetmagan piyoda Q.S. og‘ir jarohat olib vafot etgan.

Holat yuzasidan Qamashi tuman IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan va jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudining ajrimiga asosan ayblanuvchi N.B.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Nasafnews nashrining ma’lum qilishicha, jabrlanuvchi qiz 9 yoshda bo‘lgan.