Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Qorako‘lda Cobalt haydovchisi IIB xodimlari tomonidan yo‘li to‘silishiga qaramasdan boshqa bir Cobalt`ni urib qochgani aytilgan videoxabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 28 noyabr kuni soat 13:00 larda Qorako‘l tuman IIB profilaktika inspektori katta leytenant Rustamov Abdullo boshqaruvida bo‘lgan Cobalt 80 Z919 OA davlat raqam belgili avtomashinasida tuman markaziy shifoxonasidan xizmat hududi «Paxtakor» mahallasi tomonga harakatlanib borayotgan bo‘lgan.

Bu vaqtda markaziy Dehqon bozori ro‘parasida uning avtomashinasi orqasidan qora rangli, yon oynalari qoraytirilgan, davlat raqam belgisiz Cobalt avtomashinasi kelib urib, YTH sodir etgan.

Shundan so‘ng profilaktika inspektori katta leytenant Abdullo Rustamov avtomashinadan tushib, haydovchiga to‘xtash ishorasini qilgan. Haydovchi esa IIB xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan profilaktika inspektori katta leytenant boshqaruvidagi mashinaning old qismiga shikast yetkazib, voqea joyidan noma’lum tomonga qochib ketgan.

«Olib borilgan tezkor qidiruv-surishtiruv harakatlari davomida ushbu kora rangli Cobalt haydovchisi „Quvvacha“ mahallasida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro J.M. ekanligi, avtomashinani Olot tumani „Nurobod“ mahallasida tashlab qochib ketgani aniqlandi. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan holda avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirildi», — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi hamda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.