26 noyabr kuni A-373 Toshkent-O‘sh-Andijon avtomagistralining 389−390-kilometrlari oralig‘ida Isuzu avtobusi va yuk mashinasi to‘qnashishi natijasida halok bo‘lganlar soni yana bir nafarga ortib, to‘rt kishiga yetdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalroq ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgani, 38 nafar yo‘lovchi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edik.

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida bo‘lgan ushbu bemorlardan 4 nafariga tibbiy xulosalar ijobiy bo‘lgani uchun ambulator sharoitda davolanish uchun uyiga ruxsat berildi.

Xabarda qayd etilishicha, o‘ta og‘ir ahvoldagi yana bir nafar bemor amalga oshirilgan reanimatsion choralarga qaramasdan vafot etdi. Ushbu fuqaro shifoxonaga «Bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi. Miya o‘zagi shikastlanishi. Qorin bo‘shlig‘i a’zolari yopiq jarohati. Jigar segmentlarining ezilib yorilishi. Chap bilak suyagining ochiq sinib siljishi. O‘ng boldir sohasi old yuzasi va o‘ng qo‘l tirsak sohalarining 2-darajali kuyishi. 3-darajali travmatik shok» tashxisi bilan olib kelingan. Unda belgilangan standartlar bo‘yicha barcha zarur amaliyotlar o‘tkazilgan.

Hozirda 33 nafar bemorda shifokorlar zarur muolajalarni davom ettirmoqda.

Nazoratda turgan bemorlarning 11 nafari RSHTYOIM Andijon filialida, 16 nafari Asaka tumani, 4 nafari Bo‘ston tumani, 2 nafari Shahrixon tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida davolanmoqda.

Ushbu bemorlarning 1 nafari o‘ta og‘ir, 5 nafari og‘ir ahvolda.