Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xorijlik fuqarolar uchun Uzbek school tayyorlov kurslari maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Maktab kurslarida o‘zbek tili o‘rganuvchilar xohishiga ko‘ra kichik, o‘rta guruhlarda yoki individual o‘rgatiladi. Ochilish marosimi davomida universitet o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan «Xorijliklar uchun o‘zbek tili» darsligining taqdimoti ham bo‘ldi.

A1 daraja uchun mo‘ljallangan ushbu darslik oddiydan murakkabga tomon mantiqan uzviylikda tuzilgan 12 mavzudan iborat bo‘lib, tinglovchi harflardan jumla tuzishgacha bo‘lgan yozish, gapirish, o‘qish, tinglash ko‘nikmalarni egallashga imkon beradi.

«Kitobga ilova etilgan audio-vizual materiallar o‘zbek tili fonetikasining o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, matnlarda aks etgan dialoglar orqali turli situativ holatlarda ishlatiladigan leksik qatlam bilan tanishadi. U nafaqat o‘zbek tilini, balki o‘zbek madaniyatini ham o‘rganishga yordam beradi», — deyiladi xabarda.


Ta’kidlanishicha, maktab ochilgunga qadar, ya’ni besh yildan buyon sinov tariqasida universitet qoshida faoliyat yuritayotgan xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatish kurslarida 300 dan ortiq chet el fuqarolari, jumladan, Koreya, Xitoy, AQSh, Braziliya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlar fuqarolari o‘zbek tilini muvaffaqiyatli o‘rganishgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 21 oktabr — o‘zbek tili bayrami munosabati xalqqa yo‘llagan tabrigida «vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etish»ga chaqirgandi. Shkningdek, davlat rahbari, mamlakatda yashayotgan turli millat vakillari va chet elliklar uchun maxsus darslik, lug‘at va qo‘llanmalar, video va audiomateriallar hajmini oshirish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlagandi.