Qozog‘iston Rossiya prezidenti Vladimir Putinning RF, Qozog‘iston va O‘zbekistonning «qandaydir uch tomonlama ittifoqi»ni yaratish, jumladan, gaz sohasidagi muammolarni hal etish taklifini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda «Interfaks» dushanba kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga tayanib xabar berdi.

«Ha, qo‘shimcha muvofiqlashtirish va hatto muzokaralarni talab qiladigan masalalar bor. Gap, xususan, gaz sohasi haqida ketmoqda. Ammo bu yerda biz hech qanday masalani dramalashtirmaymiz. Men Vladimir Vladimirovichga aytdimki, bunday muammolar bor, ular muhokama qilishni talab qiladi, lekin hech qanday dramatizatsiyasiz. Bular ishchi masalalar», — dedi Toqayev dushanba kuni Moskvadagi Rossiya-Qozog‘iston oliy darajadagi muzokaralari yakunlari bo‘yicha Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashuvda.

Qozog‘iston prezidenti tomonlar «tegishli kelishuvlarga erishishiga» ishonch bildirdi.

«Bugun Vladimir Vladimirovich qandaydir uch tomonlama ittifoq tuzishimiz kerakligini aytdi va u O‘zbekiston prezidentiga (Shavkat Mirziyoyev) qo‘ng‘iroq qilmoqchi. Istalgan natijalar va kelishuvlarga erishish uchun har qanday holatda ham ushbu mavzuni chuqur o‘rganishimiz kerak. Aslida, biz bunga tayyormiz. Nega bo‘lmasin», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi RIA Novosti.

Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati Vladimir Putin bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha tarqatgan xabarida ittifoq tuzish va gaz sohasidagi masalalar muhokama qilingani haqida tilga olgani yo‘q. Kreml matbuot xizmati ham bu haqda xabar bermagan.

Qozog‘iston prezidentining Moskvaga tashrifi uning yaqinda qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashrifi bo‘ldi. Rossiya rahbari bilan uchrashuvda u bu voqea «o‘z-o‘zidan chuqur siyosiy ahamiyatga», «ma’lum bir ramziy ma’noga ega»ligini aytdi.

«Qozog‘iston uchun Rossiya Federatsiyasi asosiy strategik hamkor, turli sohalarda biz bilan chuqur aloqalar o‘rnatgan davlat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi… Mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik qanday rivojlanayotganidan qoniqish hosil qilish uchun barcha asoslar bor. Shu bilan birga, siz oldinga qarashingiz kerak va men bu yerga aynan shu maqsadda keldim», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.