1917 yilning 26−28 noyabr kunlari Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Butun Turkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida e’lon qilingan Turkiston muxtoriyati o‘lka jadidlarining yillar bo‘yi kurashgan, «Haq berilmas, olinur!» shiorining amaldagi ifodasi bo‘lgandi. Lekin endi-endi qadamlarini qo‘yayotgan, hokimiyat sifatida to‘la-to‘kis asoslarini mustahkamlayotgan muxtoriyat 1918 yilning fevralida batamom tugatiladi, tashabbuskorlari mahv etildi.

Bu kun alohida tantana bilan nishonlanmasa-da, tor davralarda eslab qo‘yiladi, sanoqli tarixchi-tadqiqotchining ma’ruzalari eshitiladi, biroq, bir guruh faollarning fikricha, mamlakatning milliy bayramlaridan biri bo‘lishi lozim bo‘lgan bu tarixiy kun ko‘pincha unutiladi. Ushbu sana munosabati bilan «Gazeta.uz» O‘zbekiston ilk tashkil etilgan yillarga oid tadqiqotlari bilan mashhur amerikalik tarixchi olim Adib Xolid bilan bog‘lanib, ayrim savollarga javoblar oldi.

Adib Xolid. Foto: Historians.org

Adib Xolid — AQShning Karlton kolleji (Carleton College) professori, tarixchi olim, «O‘zbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob», «Jadidlar: musulmon madaniy islohotlari siyosati», «Kommunizmdan keyingi Islom» kabi asarlar muallifi. Markaziy Osiyo muammolari bilan shug‘ullanadi. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston, Turkiya, Pokiston va Rossiyada yashagan. Olimning «O‘zbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob» kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

— Sizningcha, Turkiston muxtoriyati «yashab» qolganida bugungi Markaziy Osiyo qiyofasi qanday shakllangan bo‘lardi?

— Muxtoriyat 27 noyabrda tashkil etildi va 1918 yil fevralida yakson etildi. Ushbu qaror juda noaniq vaziyatda yangradi va juda ko‘pchilik buning uzoq davom etadi, deb o‘ylaganiga shubham bor. Muxtoriyat Rossiya Respublikasi ichida tashkil etildi — bu mustaqillik deklaratsiyasi ham emasdi. Bu bolsheviklar hokimiyatni egallashiga qarshi harakat edi va bolsheviklar qo‘li baland kelmaganida omon qolardi.

— Muxtoriyatchilar bolsheviklar ularga hokimiyat berishiga ishonadigan darajada shunchalik sodda edimi yoki sobiq imperiya o‘rnida shunday muxtoriyatlar bo‘lishi mumkinligiga bolsheviklarning o‘zi ham samimiy ishongan va boshqalarni shunga ishontira olganmi? U holda qanday qilib uch oy ichida bu qarash, bu kayfiyat butunlay o‘zgargan?

— Yo‘q, ular sodda, go‘l emasdi. Muxtoriyatchilar bolsheviklar hokimiyatni juda osonlik bilan qo‘sh qo‘llab topshirishiga ham ishonmagan. Bolsheviklar tutadigan yo‘l behad noaniq bo‘lib, muxtoriyatning e’lon qilinishi bolshevizmga to‘la-to‘kis qarshi harakat edi aslida. Vaziyat kutilganidan tez o‘zgarib, bolsheviklar va ularning hammaslaklari, tarafdorlari barcha qurollarga ega bo‘lib olgandi.

— Inlklyuziv hukumat sifatida e’tirof etsa bo‘ladigan muxtoriyat nega Qo‘qonda e’lon qilingan, Toshkent yo Samarqandda emas?

— Toshkent rus hokimiyatining markaziga aylangan, Toshkent soveti esa faqat rus bo‘lgan proletariat nomi bilan ayni shu yerda hokimiyatni qo‘lga olgandi.

Adib Xolidning «O‘zbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob» kitobidan:

«Sho‘roi islomiya rahbarlari yana bir karra Fevral inqilobi va’da qilgan vakillik va muxtoriyat tamoyilini Rossiyadagi Muvaqqat hukumatga bog‘lamasdan talab etishga chog‘landi. Shu maqsadda ular 27 noyabr kuni Qo‘qon shahrida Turkiston musulmonlarining navbatdagi kongressini chaqirishdi. Qo‘qon hali Toshkentdagi rus muhojir sotsialistlari qo‘li yetmagan, Turkistonda Toshkentdan keyin turadigan eng rivojlangan iqtisodiy markaz edi. Yig‘ilishda Turkistondagi musulmon siyosatining ko‘zga ko‘ringan barcha arboblari qatnashdi. Ulamo jamiyati a’zolarigina bundan mustasno. Sherali Lapin, Fuqaho jamiyatining yetakchisi muftiy Sadriddinxon Sharifxo‘ja o‘g‘li ham o‘sha yerda edi…

Kongress 54 kishilik Kengashga bo‘ysunuvchi sakkiz a’zolik «Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumati»ni sayladi. 32 kishi majlisga kelganlar orasidan saylandi, qolgan 18 joy g‘ayrimuslim tashkilot va partiyalar tomonidan to‘ldirilishi kerak edi, yana to‘rtta joy mahalliy Dumalar vakillariga beriladigan bo‘ldi. Kengash a’zolari orasida Turkistonda ko‘zga ko‘ringan musulmon arboblarining hammasi bor edi, biroq rus tahsilini olgan musulmon ziyolilari ko‘pchilikni tashkil etardi… Kengashga saylangan 32 kishi orasida Sherali Lapin bilan Behbudiy ham bor edi. Ulamolar tarkibga kiritilmadi, lekin mo‘’tadil kayfiyatdagi ruslarga ularni Toshkent sovetlaridan uzoqroq tutish niyatida nomutanosib tarzda ko‘p o‘rin berildi. Alalxusus, faoliyatidan ulamo va sovetlar chetlashtirilgan kongress va u tayinlangan hukumat mintaqadagi keng liberal kuchlar ittifoqiga aylandi.

Toshkent Soveti legitimligini sinflar kurashi tarzida asoslasa, Qo‘qonda e’lon qilingan hukumat o‘z umidlarini Fevral inqilobi va’dalariga bog‘ladi. Ushbu hukumat Rossiya siyosati doirasida faoliyat yuritdi, mustaqillikni emas, muxtoriyatni talab etdi, mintaqa liberal ruslarining ko‘magiga erishish uchun ularga boshqaruv Kengashida haddan tashqari katta vakillikni (uchdan bir o‘rin) berdi. Muxtoriyat rus bosqini yaratgan chegaralar doirasida hududiy xarakterda bo‘lgan, kongress Turkistonda yashaydigan elatlarni (narodnosti) aks ettirishga da’vogar edi. Yangi hukumat Rossiya imperiyasidagi boshqa aksilbolshevik kuchlar bilan aloqani mustahkamlashga urindi".

Ma’lumot uchun: Muxtoriyat ilk e’lon qilingan vaqtda uning salkam 10 kishik hukumatida uch vazir qozoq (bosh vazir — ichki ishlar vaziri Muhammadjon Tinishpayev, tashqi ishlar vaziri Mustafo Cho‘qay, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Abdurahmonbek O‘razayev), ikki nafari tatar (bosh vazir o‘rinbosari Shohislom Shohiahmedov, qurolli kuchlar rahbari Mahdi Chanishev), bir nafari yahudiy (moliya vaziri Solomon Gersfeld) bo‘lgan. Keyinchalik oziq-ovqat vaziri Obidjon Mahmudov o‘rniga Rafael Potelyaxov (yahudiy) tayinlangan. Hukumat tarkibida yevropalik aholi uchun to‘rt o‘rin ajratilgan edi, muxtoriyat parlamenti vazifasini bajarishi kerak bo‘lgan Turkiston Milliy majlisidagi 54 o‘rinning 18 tasi ham yevropalik aholi uchun ajratilgan edi.

Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyi ishtirokchilari, 1917 yil, noyabr. Foto: Tashkent Retrospective / MyTashkent.uz

— Muxtoriyat hokimiyati qaysi hududlarni qamrab olgan edi? Faqat Qo‘qon shahrining o‘zinimi yo undan tashqarida ham nazorat qilinadigan hududlari bormidi? Qaysi hududlar muxtoriyatga uzil-kesil tegishli bo‘lgan?

— Hukumat Turkiston general-gubernatorligining nomi bilan tashkil etilgan. U na Buxoroni, na Xivani o‘z ichiga olgan. Ammo hukumat faqatgina eski Qo‘qon shahrini nazorat qilgan.

— Turkiston muxtoriyati 1918 yil fevraligacha bo‘lgan davrda mahalliy aholi tomonidan qanday qarshi olingan? Uning legitimligini nimalar mustahkamlab turgandi?

— Shaharlarda muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlash uchun ulkan mobilizatsiya vujudga kelgan. Mahalliy aholi uning tashkil topganidan boxabarmidi-yo‘q, ochig‘i, bilmayman. Juda ko‘pchilik, ayniqsa, Toshkent ulamolari bunga tish-tirnog‘i bilan qarshi edi. Sababi, ular muxtoriyatni muvaffaqiyat qozonadi deb o‘ylamas, unga aloqador kishilardan haddan tashqari nafratlanardi.

Adib Xolidning «O‘zbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob» kitobidan:

«O‘z dastagini oshirish ilinjida hukumat Turkiston bo‘ylab namoyishlar tashkil etdi. Namoyishlar 3 dekabr kuni Andijonda, 6 dekabr Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tdi, lekin Toshkentdagi ikkinchi namoyish qora qoniga botirildi… Ayni damda Muvaqqat hukumat raiyatni ko‘chaga yig‘a olsa-da, lekin davlatni boshqarishni eplay olmasligini ko‘rsatayotgan edi. Hukumat a’zolarida boshqaruv tajribasi yetishmasdi. Turkistonda na mansabdorlar (byurokratiya) sinfi, na ma’muriy boshqaruv salohiyatiga ega malakali mahalliy kadr topilardi. Shu bois ham moddiy va harbiy imkoniyati benihoya cheklangan Muvaqqat hukumatni tajribasiz «havaskor»lar boshqarardi. Qo‘qon hukumati jamoatchilikdan 3 million rubl qarz olishga erishdiyu aholidan soliq yig‘ishni uddalolmadi. Qo‘shin tashkil etishda ham omadi chopmadi. Mahalliy aholi harbiy xizmatga chaqirilmagani uchun, hukumat ixtiyoridagi yagona musulmon askarlar mintaqadagi tatar va boshqird bo‘linmalari edi. Hukumat a’zolari askar va pul izlab butun Farg‘onani kezib chiqishdi.

Fevralda muxtoriyat hokimiyati eski shahar militsiyasining boshlig‘i Ergashga o‘z armiyasining «bosh qo‘mondon»ligini topshirdi. Balandparvoz bu unvon armiyada qurol-aslaha, tajribali zobit va askar deyarli yo‘qligini, bori ham Toshkent sovet qo‘lidagi kuchlarga qarshi turolmasligini berkita olmas edi. Intiho fursati ham tezda yaqinlashdi. Fevral o‘rtalarida Toshkent soveti Qo‘qonga hujum qildi. Jang qonli qirg‘inga aylanib, eski shahardan kultepa qoldi, xolos».

Turkiston muxtoriyati hukumati va milliy majlisi a’zolari. Qo‘qon, 1917 yil, dekabr. Foto: Tashkent Retrospective / MyTashkent.uz

— Turkiston muxtoriyati loyihasidan avval Mahmudxo‘ja Behbudiy «Turkiston madaniy muxtoriyati» loyihasini amalga oshirmoqchi bo‘lgan edi. Biroq bu niyat ro‘yobga chiqmagan. Mana shu loyiha amalga oshganida, Turkiston muxtoriyati tashkil etilmasmidi? Yo bu alohida harakat, dasturmidi?

— Behbudiyning «Madaniy muxtoriyat» rejasi 1906 yili — monarxiyaning qulashini tasavvur qilib bo‘lmaydigan sharoitda, mutlaqo boshqa muhitda tuzilgan. Dastur «rad etilgan» emas — bu o‘sha paytda g‘alabaga imkoniyat juda oz bo‘lgan palladagi tush edi, xolos. Turkiston muxtoriyati Behbudiy avvaldan ko‘ra olmagan 1917 yildagi inqiloblar tufayli vujudga kelgan.

— Jadidlar millat haqida gapira boshlagan ilk turkistonliklardir, deydi olimlarimiz. Millat tushunchasi qayerdan, qanday kelib chiqqan o‘zi? O‘zbek, tojik, qozoq, turkman va qirg‘izga ajratilib, bunga urg‘u qo‘yishga boshqa sabablar ham bormidi? Vaholanki, bolsheviklarning o‘zi har qanaqa millatdan xoli homo-sovetusni yaratmoqchi bo‘lgan emasmi?

— Bu juda ko‘plab kitoblar yozilishiga sabab bo‘lgan ulkan savol. Millat tushunchasining jadidlarda tug‘ilishiga sabab buning zamonaviylikka bevosita aloqadorligidir va ular buning zamonaviy dunyoda g‘alaba qozonishda muhimligini seza olishgan. Bu masala «O‘zbekiston tavalludi» kitobimning asosiy mavzularidan biri. Bolsheviklar millatchilik nimaligini juda yaxshi anglashgan. Chunki milliy harakatlar 1917 yil va undan keyin Rossiyada keng quloch otib, behad kuchga to‘lgandi. O‘quvchilaringizga bolsheviklar mantig‘ini tushuntirib beradigan Yuliy Slezkinning «SSSR kommunal xonadon sifatida» maqolasini ham (rus tilida) tavsiya qilmoqchiman.

— Ayrim tarixchilar O‘zbekiston tug‘ilishini O‘zbekiston SSRning vujudga kelishi bilan bog‘laydi, boshqa bir guruh esa Turkiston muxtoriyati tashkil etilgan kunda O‘zbekiston ham vujudga kelgan, deb hisoblaydi. Sizningcha, bunda qaysi tomonning fikri haqiqatga yaqin?

— Turkiston muxtoriyatida Turkiston viloyatidan boshqa hududlarni, Buxoro yoki Xivani o‘z ichiga olish ko‘zlanmagandi. Ammo Turkiston viloyatining chegaralari bugungi O‘zbekistonnikidan tamomila farq qiladi. Turkiston milliy emas, geografik birlik edi. U qozoq va qirg‘izlar yashaydigan, o‘zbeklar yashamaydigan ko‘plab hududlarni ham o‘z ichiga olgandi. Shu bois, buni O‘zbekistonning ilgarigi qoldiq qismi deb o‘ylamayman.