O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish ssenariylari haqidagi hisobotida samarali pul-kredit siyosati shartlarini e’lon qildi.

Pul-kredit (monetar) siyosati — davlatning pul massasi (mamlakatdagi barcha naqd va naqd pulsiz mablag‘lar) va foiz stavkalarini boshqarish siyosati. Bu davlatning moliya va valyuta bozoridagi inflyatsiya sur’atlari, milliy valyuta kursi, bandlik darajasi hamda iqtisodiy o‘sish barqarorligini nazorat qilishga qaratilgan harakatlaridir.

Kelgusi yillarda pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish masalasi iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan quyidagi chora-tadbirlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.

Birinchidan, iste’mol bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirish. Ushbu yo‘nalishda quyidagilar talab qilinadi:

  • tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan qaror va farmonlar hamda mexanizmlarni xalqaro konsalting kompaniyalar bilan birgalikda inventarizatsiyadan o‘tkazish va bozor mexanizmlariga hamda raqobat muhitiga zid bo‘lgan normalarni bekor qilish;
  • iste’mol tovarlari importida tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish, sohani yetarli darajada liberallashtirish, iste’mol va investitsion tovarlar tashqi savdosida monopol holatlarga chek qo‘yish,
    importyorlar sonini oshirish, import geografiyasini kengaytirish va muqobil yangi marshrutlarni ishlab chiqish;
  • temir yo‘l va havo transporti xizmatlari sohalariga xususiy korxonalarni jalb etish, mazkur xizmatlar bozorida erkin raqobat sharoitlarini yaratish orqali tashish va transport xarajatlarining mahsulotlar tannarxiga ta’sirini pasaytirish;
  • monopol xarakterga ega korxonalar tovar va xizmatlari narxlarini shakllantirish mexanizmlarining shaffofligini ta’minlash;
  • xalqaro savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlarini tezlashtirish va mintaqaviy transport koridorlarining muhim bo‘lagiga aylanish bo‘yicha choralar ko‘rish.

Ikkinchidan, MB ekspertlarining fikricha, mamlakatda xufyona iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni belgilash, 2023−2024 yillarda alohida korxona yoki tarmoqlarga berilgan imtiyozlarni to‘liq tanqidiy xatlovdan o‘tkazish va bekor qilish orqali barcha bozor ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlarni hamda sog‘lom raqobat muhitini yaratish kerak.

Bundan tashqari, import tovarlarining ichki bozordagi ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishini to‘liq ta’minlash va buni nazorat qilish uchun import mahsulotlari harakati bo‘yicha yagona axborot tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish lozim.

Regulyator soliqdan qochish holatlarida jazoning muqarrarligini ta’minlash, rasmiy iqtisodiyotda ishlashni yashirin iqtisodiyotda faoliyat yuritishdan ko‘ra manfaatli qilish, bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, barcha axborot vositalari orqali tushuntirish ishlari ko‘lamini kengaytirishni taklif qilmoqda.

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimi doirasida shubhali mijozlar va operatsiyalarni oldindan aniqlash indikatorlarini joriy etish va monitoringini kuchaytirish asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Uchinchi yo‘nalish bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarining jadallashtirilishi hisoblanadi:

  • 2023 yilda davlat ulushi yuqori bo‘lgan yirik banklarni xususiylashtirish jarayonini mantiqiy yakuniga yetkazish, xususan davlat ulushi mavjud banklar (Qishloq qurilish bank, Xalq banki, Mikrokreditbank, Aloqa bank, Agro bank va Milliy bankni) aksiyalarini ommaviy ochiq savdolarga (IPO) olib chiqish hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Asaka bankdagi transformatsiya jarayonlarining faol fazasiga o‘tish;
  • 2023 yildan boshlab iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi va moliyaviy resurslarning samarasiz taqsimlanishiga sabab bo‘luvchi imtiyozli kreditlash (foizlari bozor foiz stavkalaridan past bo‘lgan kreditlar) va direktiv kreditlash (mahalliy hokimlik organlari va davlat idoralari tomonidan kreditlarni belgilab berish) usullaridan bosqichma-bosqich voz kechish choralarini ko‘rish;
  • bank tizimida ajratilayotgan kreditlarning 60 foizi direktiv asosda ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va aynan ushbu omil ta’sirida tijorat banklarining kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi yuqori darajada qolmoqda.

Bank xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirish va barcha ishtirokchilarga teng sharoitlarni ta’minlash yuzasidan boshlangan ishlarni xalqaro tajriba asosida takomillashtirib borish borasida tegishli amaliy ishlarni bajarish muhim o‘rin tutadi.

MB fikricha, davlat ulushiga ega banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirishni muvaffaqiyatli yakunlash kelgusi yillarda davlat budjetidan banklar kapitaliga pul kiritish zaruratini keskin kamaytiradi.

Bank tizimining bozor munosabatlari asosida faoliyat yuritishi ta’minlanadi, banklar kapitalini xorijiy investitsiyalar va xususiy investorlar mablag‘lari hisobidan oshirib borish va shu orqali iqtisodiyotda pul oqimlarining samarali taqsimlanishi natijasida istiqbolli loyihalarni kreditlash ko‘lamining kengayishiga sharoit yaratiladi.