26 noyabr kuni Navoiy kon metallurgiya kombinatida portlatish ishlari davomida mashinist halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Navoiy viloyati prokuraturasi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, kombinatning Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli «Sharqiy» konida portlatish ishlari olib borilgan hududda ruda toshlarni olish ishlari bilan shug‘ullanayotgan EKG-40 rusumli ekskavator kabinasiga tog‘ jinslari ko‘chmasi sachrab tushgan. Oqibatda kabinada bo‘lgan mashinist Sh. Sh. jarohat olib, voqea joyida vafot etgan.

Bundan tashqari, EKG-40 rusumli ekskavator kabinasida bo‘lgan mashinist yordamchisi T.M. «bo‘yin va o‘ng qo‘l kaft soxasi 1 va 2-darajali kuyishi» jarohatini olgan.

Holat yuzasidan IIV huzuridagi 2-son IIB tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Tergovga qadar tekshirish harakatlari Zarafshon ixtisoslashtirilgan prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.