O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi haftaning har payshanba kuni (Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuniga bag‘ishlab) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida matbuot anjumani o‘tkazadi. Bu haqda dushanba kuni vazirlik matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ma’lum qildi.

«Ichki ishlar organlari faoliyatida ochiqlikni yanada takomillashtirish, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud muammolar va ularning yechimini muhokama qilish hamda jamoatchilik va OAV bilan ochiq muloqotni tashkil etish maqsadida matbuot anjumanlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda», — deya tushuntirdi u.

Matbuot anjumanlarining rejasi bilan IIVning rasmiy veb-saytida tanishish mumkin. Shuningdek, vazirlik tadbirdan uch kun oldin barcha rasmiy resurslarda bo‘lajak matbuot anjumanining mavzusi va aniq vaqti ko‘rsatilgan e’lonlar berilishini qayd etdi.

«Biz har doim ochiq va konstruktiv muloqotga tayyormiz», — dedi Shohrux G‘iyosov.

22 noyabr kuni publitsist va bloger Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosini talab qilib, poytaxtda bir kishilik piket uyushtirdi. U «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida bunga «ichimdagi isyon majbur qildi», deya ta’kidladi.