Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudida 1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan o‘tkazilayotgan sud jarayonining birinchi kuni yakuniga yetdi. Dushanba kuni prokuraturaning ayblovlari o‘qib eshittirildi.

29 noyabr, seshanba kuni tomonlarning fikrlari tinglanib, sudlanuvchilarga so‘z berilishi kutilmoqda, deya Buxorodan xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorov.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov prokuratura tomonidan o‘qib eshittirilgan ayblovlarning qisqacha mazmunini bayon qildi. Ular bilan quyida tanishish mumkin:

Dauletmurat Tajimuratov (chapda)

1. Dauletmurat Tajimuratov (1979 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, «Yel xizmetinde» advokatlik byurosi advokati, ilgari «Yel xizmetinde» gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan) uyushgan guruh tashkil kilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida 1−2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan;

Lolagul Kallixanova (o‘ngda)

2. Lolagul Kallixanova (1989 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, «Makan» internet-nashri ma’muri) ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan;

3. Azamat Turdanov (1984 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori) 1−2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarni ishtirok etishini ta’minlagan va Dauletmurat Tajimuratovni yelkasiga o‘tkazib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borgan;

4 va 5. Ahmet Smetullayev (1993 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, Chimboy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi) va Dao‘letmurat Djiyemuratov (1984 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, «Qorao‘zak Sahib» MCHJ direktori) 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham faol ishtirok etib, Dauletmurat Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlaganlar;

6. Baxtiyar Kadirbergenov (1986 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, «Ayama» veb-sayti ma’muri, bloger) odamlarni ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, Jo‘qorg‘i Kenges va Nukus xalqaro aeroporti binolarini bosib olishga da’vat qilgan;

7. Bayram Seytniyazov (1967 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, ishsiz) Qozog‘istondagi «Allayar jo‘li» diaspora a’zosi bo‘lib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishga va Dauletmurat Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlovchi bannerlar tayyorlashga yordam bergan;

8. Allabay Toqimbetov (1973 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, norasmiy tarzda imomlik bilan shug‘ullangan) 2 iyul kuni Xo‘jayli tumanida yig‘ilgan odamlarga Qoraqalpog‘iston mustaqil bo‘lishi lozimligini ma’lum qilib, ularni ommaviy tartibsizlikka da’vat qilib, ularga yetakchilik qilgan;

9. Qaharman Seytimov (1972 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, tadbirkor) 2 iyul kuni Qorao‘zak tumanida odamlarni to‘plab, ularni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, ularga yetakchilik qilgan;

10. Azamat Nuratdinov (1989 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, Mo‘ynoq tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi, bloger) 2 iyul kuni Qonliko‘l tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;

11. Seydabulla Medetov (1989 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qozoq, «Keleshek ushun» fermer xo‘jaligi rahbari) 2 iyul kuni Shumanay tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;

12. Nurlan Nayipov (1968 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qozoq, nafaqaxo‘r) 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi videomurojaat tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan;

13. Polat Shamshetov (1977 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i) 2 iyul kuni odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham ularda faol ishtirok etgan;

14. Razbek Bekmuratov (1992 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti o‘qituvchisi) 2 iyul kuni «Naupir» MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazib, «PM» markali pistoletini olib qo‘ygan;

15. Sultanbek Kaipov (1992 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, ishsiz) 2 iyul kuni «Naupir» MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazgan. Bundan tashqari, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomurojaat tayyorlab, uni tarqatish maqsadida saqlab kelgan;

16. Berdax Genjebayev (1996 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, ishsiz) 2 iyul kuni Shumanay tumanida ommaviy tartibsizliklarda Farg‘ona viloyatidan kelgan o‘zbek millatiga mansub 3 nafar shaxsni to‘xtatib, ularga tan-jarohati yetkazib, 3,6 mln so‘m miqdoridagi pullarini va qat’iy hisobdagi hujjatlarini bosqinchilik yo‘li bilan olib kuygan;

17. Salamat Kalilayev (1976 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, ishsiz) 2 iyul kuni Kegeyli tumanida ommaviy tartibsizliklarga yetakchilik qilib, millatchilik zamirida Andijon viloyati hokimligi shtabiga o‘t qo‘yib, mulklarini nobud qilgan;

18. Polat Nurniyazov (1986 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, «Sada-Mars» MCHJ ombor mudiri) 2 iyul kuni Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatini cheklash maqsadida yo‘llarni to‘sib, avtoshina yoqishda yetakchilik qilgan;

19. Saipnazar Kalimov (1980 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, YATMF bilan shug‘ullanadi) 1 iyul kunidagi ommaviy tartibsizliklar uchun ma’muriy qamoqqa olinganlarni ozod qilish maqsadida ularni saqlash joyiga hujum qilib, o‘t qo‘ygan;

20. Nurlan Sultamuratov (1998 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, yollanma ishchi) 2 iyul kuni Nukus shahar IIO FMBga qilingan hujumda faol ishtirok etib, daraxt yoqib, yo‘llarni to‘sgan;

21. Arislan Temirxanov (1986 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, «Ustyurt geofizika» korxonasi qo‘riqchisi) 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Xo‘jayli guzari ko‘chasida «Molotov kokteyli»dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan;

22. Amirbek Adilbekov (1993 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati — qoraqalpoq, sug‘urta kompaniyasi mutaxassisi) 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda To‘rtko‘l guzari ko‘prigida «Molotov kokteyli»dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan.