Adliya vazirligi va nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuskor guruhi vakillari hukumatning xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda NNTlarning davlat organlari bilan hamkorligini tartibga solishga qaratilgan iyundagi qarorini muhokama qilish uchun uchrashdi. Bunga NNT va fuqarolik faollarining yaqinda ushbu qarorni bekor qilishni so‘rab qilgan ochiq murojaati sabab bo‘ldi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra tomonlar O‘zbekiston NNTlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) huzurida qarorni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlovchi ishchi guruh tashkil etishga kelishib oldi.

Tashabbuskor guruhning hukumatga qaratilgan murojaatini «Gazeta.uz» 17 noyabr kuni e’lon qilgan edi. Unda Vazirlar Mahkamasining 13 iyundagi 328-son «Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorini bekor qilish zarurligi haqida so‘z boradi.

NNT vakillari fuqarolik faollar o‘z murojaatida ushbu qaror NNTlarning ishlariga bevosita aralashuv ekani va ularning xalqaro grantlar orqali moliyaviy manbalar olish imkoniyatlarini qiyinlashtirishini bandma-band tushuntirib bergandi. Tashabbuskor guruh ushbu holat NNTlarning huquqlarining buzilishi ekanini va fuqarolik jamiyatining mustaqil institutlarini o‘z loyihalarini amalga oshirishda milliy hamkorga tobe qilib qo‘yishini qayd etib o‘tgan edi.

Bundan tashqari, murojaatda ushbu qaror NNT vakillari bilan na yuzma-yuz uchrashuvlar ko‘rinishidagi muhokamalarda, na Regulation.gov.uz'da onlayn-muhokama tarzida kelishilmagan. Hatto 1300 dan ortiq NNTlarni birlashtirgan va davlat organlarida NNTlarning manfaatlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan O‘zNNTMA ham ushbu hujjatning muhokamasiga jalb etilmagan va NNTlar bilan muhokamasini tashkillashtirmagan. Oqibatda hujjat parda otida qabul qilingan, bu esa, NNT vakillarining qayd etishicha, prezidentning 2018 yil 4 maydagi 5430-son farmoni talablariga zid.

21 iyun kuni O‘zNNTMA yozda «Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorligi» mavzusida o‘tkazilgan milliy forumda 328-son qaror yuzasidan muhokamalar olib borilgani va qarorning fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga ta’sirini har tomonlama o‘rganib chiqish bo‘yicha qaror qabul qilinganini ma’lum qildi. Ammo O‘zNNTMA bu kabi muhokamalarda aynan qaysi NNT va qanday fuqarolik jamiyati instituti vakillari qatnashganiga aniqlik kiritmagan.

O‘zNNTMA kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev. Foto: Adliya vazirligi

Bungacha Adliya vazirligi ham tashabbuskor guruhning murojaatiga dastlabki javob munosabatini e’lon qilgan edi.

Adliya vazirligi vakillari va murojaat tashabbuskorlari o‘rtasidagi uchrashuvda adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov bundayin uchrashuv aslida ancha avval o‘tkazilishi lozim bo‘lganini tan olib, dolzarb murojaat bilan chiqish qilgani uchun tashabbuskor guruhga minnatdorlik bildirgan, uning ta’kidlashicha, bungacha hech kim ushbu qaror yuzasidan vazirlikka murojaat qilmagan.

Muzraf Ikromov Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 oktabrdagi 858-son qarori (nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet elliklardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni kelishish tartibi haqida) mazmunini tushuntirib bergan. U, shuningdek, ushbu hujjatning 328-son qarordan farqli jihatlarini ham ko‘rsatib o‘tgan.

Tashabbuskor guruh vakillari 328-son qaror bilan ishlash bilan bog‘liq aniq faktlardan kelib chiqib, NNTlarning xalqaro grant loyihalari bilan ishlashida yuzaga kelgan qiyinchiliklar haqida so‘zlab bergan.

Murojaat tashabbuskorlari ayrim davlat organlari ushbu qarorni amalda noto‘g‘ri tatbiq etmoqda, hamkorlik doirasida NNTlar uchun sun’iy to‘siqlar qo‘yilmoqda, oqibatda esa ushbu qarordan ko‘zlangan maqsadlarni har doim ham ro‘yobga chiqarib bo‘lmayapti.

NNT va fuqarolik faollari tashabbuskor guruhi a’zolari. Foto: Adliya vazirligi

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar 328-son qaror NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining takliflari asosida izchil qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi borasida bir to‘xtamga kelgan. Ular qarorni qo‘llash amaliyotini bundan keyin ham o‘rganish va aniqlangan muammolarni hal qilishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olgan.

O‘zNNTMA boshchiligida murojaat tashabbuskorlarini ham taklif qilgan holda hukumatning ushbu qaroriga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlovchi ishchi guruh tuzish haqida qaror qabul qilingan.