25 noyabr. BMT Bosh Assambleyasining 1999 yildagi rezolyutsiyasi bilan mazkur sana «Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni» sifatida belgilangan. «Gazeta.uz» sana munosabati bilan mavzuga oid turkum materiallarni e’tiboringizga havola etadi.

Birinchi maqolada — tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga beriladigan himoya orderi haqida batafsil so‘z yuritiladi. Quyida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi katta inspektori, kapitan Shaxnoza Bobojonovaning «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov savollariga bergan javoblarini o‘qishingiz mumkin.

Himoya orderini kimlar olishi mumkin?

IIV kapitani Shaxnoza Bobojonovaning ta’kidlashicha, himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat hisoblanadi.

«Alohida ta’kidlash joizki, himoya orderi oilada eridan jabrlangan yo uchinchi shaxslarning zulmiga uchragan ayollarga, ota-onasi yoki boshqa shaxslarning zulmiga duch kelgan (voyaga yetmagan) qizlarga, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarda jabr ko‘rgan, ko‘chada, ishda, o‘qishda tazyiq yoki shilqimlikka uchragan, huquqbuzarlik yo jinoyat qurboni bo‘lgan xotin-qizlarga beriladi», — dedi Shaxnoza Bobojonova.

Order qanday asoslarga ko‘ra beriladi?

Uning so‘zlariga ko‘ra, tartibga ko‘ra, himoya orderini berishga quyidagilar sabab bo‘ladi:

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jarblangan xotin-qizlarning murojaati;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar;
  • tazyiq yoki zo‘ravonlik holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan aniqlanishi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

Ma’lumot uchun, 2019 yil 2 sentabrda qabul qilingan «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun hamda Hukumatning 2020 yil 4 yanvarda tasdiqlangan «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan himoya orderini berish tartibi belgilangan.

Order olish uchun qayerga murojaat qilish lozim?

Himoya orderini olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari: rais yoki o‘rinbosarlari, ichki ishlar organlari yoki IIV tizimida tashkil etilgan qisqa «1259» raqamli «Ishonch markazi»ga murojaat qilish mumkin.

Himoya orderi mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, ya’ni profilaktika inspektori tomonidan beriladi.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jarblangan fuqaroning o‘zidan tashqari, yaqinlari, qo‘shni yoki qarindoshlari ham order olish uchun murojaat qilsa bo‘ladi. Holat haqida xabar bergan fuqarolar hamda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning shaxsga doir ma’lumotlari qonunga asosan sir saqlanadi.

Bundan tashqari, 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchi ham order olishi mumkin. Ammo uning arizasi qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi.

Erkaklarga ham himoya orderi beriladimi?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, himoya orderi faqat xotin-qizlarga rasmiylashtiriladi. Yaqinda tayyorlangan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Senatiga kiritilgan. Unda himoya orderini zo‘ravonlikdan jabrlangan barcha shaxslarga, xususan, erkaklarga ham berish ko‘zda tutilgan.

Amal qilish muddati qancha?

Tazyiq va zo‘ravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlansa, 24 soat ichida rasmiylashtiriladi va o‘sha vaqtdan e’tiboran kuchga kiradi. Himoya orderi 30 kunga beriladi. Agar shu vaqt ichida holat o‘zgarmasa, hujjatning amal qilish muddati jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra, ko‘pi bilan 30 kungacha cho‘ziladi.

Himoya orderi ko‘rinishi.

Himoya orderining birinchi qismi, ya’ni asli jabrlanuvchiga beriladi, ikkinchi qismi (nusxasi) zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga topshiriladi.

Bundan tashqari, zo‘ravonga o‘rnatilgan cheklov varaqasi ham beriladi. Himoya orderining uchinchi qismi esa profilaktika inspektorida qoladi.

Zo‘ravon himoya orderini olishga majburmi?

Yo‘q. Zo‘ravon shaxs himoya orderini olish va uni imzolashni rad etishi mumkin. Agar shunday holat bo‘lsa, profilaktika inspektori xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzadi va zo‘ravonni ushbu xatti-harakatni davom ettirgan taqdirda, qonun bo‘yicha javobgarlikka tortilishi haqida rasmiy ogohlantiradi va bu haqda jabrlanuvchini xabardor qiladi.

Himoya orderi jabrlanuvchini nimalardan himoya qiladi?

Himoya orderini olgan fuqarolar 30 kun ichida quyidagi holatlarda himoya qilinadi:

  • tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlaydi;
  • taraflar o‘rtasida aloqani taqiqlaydi (ish va ta’lim muassasalarida bilvosita aloqaga yo‘l qo‘yiladi);
  • taraflarning bir xonada birga bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • zo‘ravon shaxs zimmasiga (jabrlanuvchini davolash, moddiy va ma’naviy zararni qoplash kabi) majburiyatlar yuklaydi;
  • zo‘ravon shaxsning qurol saqlash va olib yurish huquqi cheklanadi (xizmat qurolidan tashqari).

Talablarni buzgan zo‘ravonga qanday chora ko‘riladi?

2020 yil oktabrda «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 206−1-moddasi «Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning himoya orderi talablarini bajarmaslik» normasi bilan to‘ldirildi.

Mazkur modda talabini buzgan zo‘ravonlikda gumonlangan shaxslar BHMning 3 baravarigacha (900 ming so‘m) jarima to‘lashi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi bilan jazolanishi belgilangan.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi axborot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 2022 yilning 9 oyida zo‘ravonlik va tazyiqdan jabrlangan 37 959 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berilgan. Himoya orderi rasmiylashtirilgan shaxslarning muammolarini hal etish natijasida salkam 19 ming oila yarashtirilgan, 16 мингдан ortiq nizoli holatlarning sabablari bartaraf etilgan. Mazkur muddat mobaynida 897 nafar ayolga himoya orderi takroran berilgan. O‘rnatilgan cheklovlarga amal qilmagan 2 109 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Himoya orderi muddati qay holatlarda tugatiladi?

Shu bilan birga, himoya orderini muddatidan ilgari tugatish ham mumkin:

  • jabrlanuvchi himoya orderini tugatishni so‘rab murojaat qilganda;
  • belgilangan muddat, ya’ni 30 kun (uzaytirilgan muddat) tugatilganda;
  • jabrlanuvchi yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsdan biri sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
  • sodir etgan jinoyati uchun jabrlanuvchilar yoki zo‘ravon shaxsdan biriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilganda;
  • jabrlanuvchilar yoki zo‘ravon shaxsdan biri sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilganda;
  • jabrlanuvchilar yoki zo‘ravon shaxsdan biri majburiy davolanishga yuborilganda;
  • jabrlanuvchilar yoki zo‘ravon shaxsdan biri qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joyidan uzoq muddatga boshqa mamlakatga chiqib ketganda;
  • jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslardan biri vafot etganda.

Amal qilish muddati tugaganligi to‘g‘risida shu kunning o‘zidayoq, jabrlanuvchi va zo‘ravon shaxslarga xabar beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 14 ming 774 xotin-qizga himoya orderi berilgan. Himoya orderlari ko‘proq Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2021 yilda esa oila-turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 39 343 nafariga himoya orderi berilgan.

2022 yilning 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev zo‘ravonlik holatlari tobora kuchayib borayotganini ta’kidlab, himoya orderi muddatini uzaytirishni taklif qilgandi. «Bundan buyon, ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyasi sud tomonidan kafolatli ta’minlanadi. Alohida ҳимояga olish bir yilgacha muddatga belgilanadi», — degandi u.