«O‘zbekkosmos» kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi kosmik suratlarni tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalaridagi qonunbuzarlik holatlarini aniqlaydi. Bu vazifa 23 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan agentlikka yuklandi.

Shu kuni prezident kosmik faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Keltirilishicha, bu tarmoq rivoji qishloq va suv xo‘jaligi, yer munosabatlari, ekologiya, geologiya kabi ko‘plab sohalarda qo‘l keladi.

«Masalan, ekinlarning turi va maydoni, yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy chiqindi joylari paydo bo‘lishini aniqlash darajasi 95 foizgacha yetadi. Suv inshootlari, yer qa’ri va foydali qazilmalar muhofazasi ham yanada kuchayadi», — deyiladi xabarda.

Prezident bu takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni qabul qilishga ko‘rsatma berdi.

Qarorga muvofiq, davlat kosmik monitoring tizimi orqali yer osti boyliklarini qazib olish, suv resurslarini muhofaza etish, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va realizatsiya qilish yo‘nalishlarida (davlat yer va kadastr nazorati sohasidagi huquqbuzarliklar bundan mustasno) aniqlangan huquqbuzarliklar uchun undiriladigan ma’muriy jarimalarning 10 foizi «O‘zbekkosmos» agentligining Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasiga beriladi.

Shuningdek, agentlik kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va tijoriy kosmik faoliyatni rivojlantirish uchun Global sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya (GNSS) tizimlari operatorlari bilan hamkorlik qiladi. Xalqaro astronavtika federatsiyasiga (IAF) a’zo bo‘ladi.

Qolaversa, xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar, kompaniyalar va banklar bilan kosmik sohaga xorijiy sarmoya va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantiradi.

Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda sun’iy yo‘ldosh apparatlari orqali yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini tezkor qabul qilish maqsadida xorijiy sun’iy yo‘ldosh operatorlari bilan kelishuv, memorandum, bitim va shartnomalar tuzadi.