24 noyabr kuni tongda Toshkentdagi Uchtepa tumanida ikki shaxs ayolni majburlab mashinada olib qochayotgani aks etgan video tarmoqlarda tarqaldi. Buni Nemolchi.uz (Sukut saqlama) o‘z Telegram-kanaliga joyladi. Ichki ishlar bosh boshqarmasi bunga rasmiy munosabat bildirib, olib qetilayotgan ayol shaxslardan birining xotini ekanini ma’lum qildi.

Videodan ma’lum bo‘lishicha, shaxslar 70 R 300 SA davlat raqamli Tracker avtomobilida ko‘cha muyilishiga kelib, yo‘l chetida ketayotgan qizning oldida to‘xtagan. Undan ikki erkak tushgan va ayolning ketidan quvlagan. Oradan ko‘p o‘tmay erkaklar uni tutib, sudrab kelib mashina ichiga olib kirgan.

Aniqlanishicha, 1992 yilda tug‘ilgan D.Sh. turmush o‘rtog‘i 2000 yilda tug‘ilgan M.A bilan oilaviy kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Natijada ayol farzandini turmush o‘rtog‘ida qoldirib, Toshkent shahriga ketib qolgan. O‘g‘il 1963 yilda tug‘ilgan otasi X.M. bilan birga Tracker`da ayolini qidirib, Uchtepa tumanidan topgan hamda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi o‘zining uyiga olib borgan. Hozirda u uyida.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

M.A. va uning oilasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan to‘liq o‘rganilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha aybdor shaxslarga qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.