23 noyabr, chorshanba kuni Yevroparlament ko‘pchilik ovoz bilan Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ma’qulladi, deb xabar berdi YeP matbuot xizmati.

Yevroparlament deputatlari Rossiya kuchlarining Ukrainada tinch aholiga qarshi qasddan uyushtirgan hujumlari va vahshiyliklari, fuqarolik infratuzilmasini vayron qilish hamda xalqaro va gumanitar huquqning boshqa jiddiy buzilishlarini terrorchilik harakatlariga tenglashtirib, ular urush jinoyatlarini tashkil etishini aytdi.

Yakunda Yevroparlament a’zolari Rossiyani terrorizm homiysi va terrorchilik vositalaridan foydalanadigan davlat sifatida tan oldi.

Qarorni 494 deputat qo‘llab-quvvatladi, 58 deputat qarshi chiqdi, 44 deputat betaraf qoldi.

Yevroparlament yig‘ilishi kun tartibida qayd etilganidek, RFning terrorizm homiysi sifatida tan olinishi «prezident Putin va uning hukumatini urush jinoyatlari uchun xalqaro tribunal oldida javob berishga» yo‘l ochadi.

«Yevropa Ittifoqi hozirda davlatlarni terrorizm homiylari sifatida rasman belgilashga qodir emasligi sababli, parlament Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarni tegishli huquqiy bazani yaratishga chaqiradi», — deyiladi bayonotda.

Bu Moskvaga nisbatan bir qator cheklovchi choralarni ko‘rishi va YeIning Rossiya bilan munosabatlari uchun jiddiy cheklovchi oqibatlarga olib kelishi kutilmoqda.

Deputatlar, shuningdek, Yevropa kengashini «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi, «qodirovchilar» deb ataladigan 141-maxsus motorlashtirilgan polk hamda «Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan boshqa qurolli guruhlar»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishga chaqirishdi.

Yevroparlament, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning to‘qqizinchi paketi ustida ishlamoqda.