21 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida Parij shahrida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Tadbirda «MEDEF» Fransiya korxonalari harakati bosh direktori Filipp Gote, «Airbus», «Orano», «Suez», «Alstom», «Total Eren», «EDF», «Schneider Electric», «Natixis» kabi 20 taga yaqin yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezident uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, rasmiy tashrifning birinchi kunidagi tadbirlar ishbilarmonlik masalalariga bag‘ishlanganiga e’tibor qaratdi.


«Bu O‘zbekiston muhim va ishonchli hamkorimiz — Fransiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intilishi qat’iyligidan yana bir bor dalolat beradi», — dedi davlat rahbari.

Bugun O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi. Valyuta bozori erkinlashtirildi, foydani repatriatsiya qilishga barcha cheklovlar bekor qilindi, banklar, yirik sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari faol joriy qilinmoqda.

«Har bir investor O‘zbekiston deganda, eng avvalo, barqarorlik va kelajakka ishonchni tasavvur qilishiga intilayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston fransiyalik tadbirkorlarni ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma bilan ta’minlash, imtiyozlar va kafolatlangan xaridlar ko‘rinishida qo‘llab-quvvatlash va boshqa ko‘mak choralarini taqdim etishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, «yashil» energetika, oziq-ovqat sanoati, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va elektronika tarmoqlari, sog‘liqni saqlash sohasini uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.


Sheriklikni kengaytirish rejalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Mamlakatda qaysi aniq loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bayon qildi.

Fransiya biznes delegatsiyasining har bir a’zosi bilan suhbatlashib, davlat rahbari tadbirkorlarni O‘zbekistonga kelish va O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun eng qulay joy ekaniga ishonch hosil qilishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning mas’ul rahbarlariga tadbirda bildirilgan barcha tashabbuslarni o‘z ichiga olgan hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari, aniq muddatlari va ijrochilari ko‘rsatilgan Amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.