20 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ijarada yashab kelgan qiz is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2005 yilda tug‘ilgan G. T. Qarshi shahar «Mahallot» MFY Ahmad Yassaviy ko‘chasidagi uyda vaqtinchalik og‘zaki kelishuvga asosan yashab kelgan. Qiz xonadonning hammomiga o‘rnatilgan gaz pechini yoqib, yuvinish jarayonida gaz pechidan sizib chiqqan is gazining ko‘payib ketishi oqibatida zaharlanib, vafot etgan.

Hozirda marhumaning o‘limi sabablarini o‘rganish yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlandi. Shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Rasmiy manbalarda e’lon qilingan holatlarga ko‘ra, 17 yoshli qiz noyabr oyida is gazidan zaharlanib vafot etganlarning oltinchisi bo‘ldi. Avvalroq Xorazmda ijarada turgan ikki yigit, oradan ikki kun o‘tib Jizzaxda qariya ayol va uning ikki nabirasi is gazidan zaharlanib vafot etgandi. Buxoroda xonadonda gaz portlashi oqibatida 2-sinf o‘quvchisi halok bo‘lgandi.