Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida shanba kuni mahalliy aholi, xususan ayollar 4R-100b avtomobil yo‘lining ta’mirtalab ahvoliga mutasaddilarning e’tiborini qaratish uchun uni to‘sib qo‘ydi. Bu haqdagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Videolardan birida asosan ayollar yo‘lni turli buyumlar bilan to‘sib qo‘ygani, ikkinchisida esa huquq-tartibot idoralari xodimlarining aholi bilan suhbati aks etgan.

Holatga viloyat hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirib, 4R-100b avtomobil yo‘lining 0−11 km qismi 2023 yil 1 choragida ta’mirlanishi belgilanganini aytdi.

Keltirilishicha, yo‘lning yuk ko‘tarish qobiliyati bir o‘qqa tushadigan tegishli me’yoriy og‘irlikdan og‘ir bo‘lgan yuk avtomobillarining muntazam ravishda harakatlanishi oqibatida yo‘l ta’mirtalab holatga kelib qolgan.

Hozirda Jarqo‘rg‘on tuman Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi «bor kuch va vositalarni ishga solgan holda» birinchi navbatda ushbu avtomobil yo‘lida transport vositalarining harakat xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlash choralari ko‘ryapti, masala Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tomonidan nazoratga olindi, deyiladi xabarda.