Germaniyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumonlanayotgan asli o‘zbekistonlik rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovga nisbatan olib borilgan tergov Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni keskinlashtirdi. Bu haqda Reuters Spiegel jurnaliga asoslanib xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat diplomatlari o‘rtasida qator «inqirozli muzokaralar» bo‘lib o‘tgan, jumladan, Germaniyaning Toshkentdagi elchisi Tilo Klinner sentabr oyi oxirida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, deb yozadi nashr.

O‘zbekistonning Berlindagi elchisi Nabijon Qosimov Germaniya Tashqi ishlar vazirligidan Federal jinoyat politsiyasi boshqarmasi bilan uchrashishni so‘ragan, biroq bu natija bermagan, deya xabar beradi Spiegel.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi Reuters`ning izoh berish haqidagi so‘roviga javob bermadi.

Avvalroq Germaniya politsiyasi tomonidan 21 sentabr kuni Alisher Usmonovga aloqadorligi aytilayotgan 24 ta obyektda tintuv o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Bir hafta o‘tib, Germaniya politsiyasi ham mamlakat shimolida milliarderning yaxtasini tintuv qildi.

Spiegel`ning yozishicha, tadbirkor 2014 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda jami 555 mln yevroga yaqin soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilinmoqda.

Tadbirkorning vakillari noyabr oyida Shveysariyaning UBS bankidan pul yuvishda gumon qilinayotgan tergov harakatlari to‘g‘risida rasmiy xabarlar olinmaganini ma’lum qilgan edi. Tadbirkor 2000-yillarning o‘rtalaridan beri daromad va xarajatlar ma’lumotlarini oshkor qildi.

«2014 yildan boshlab janob Usmonov soliqlarni asosiy investitsiyalari joylashgan joyda, ya’ni Rossiya Federatsiyasida to‘lagan. Bu Germaniyada daromad solig‘ini qayta to‘lash zaruratini yo‘q qildi», — deyiladi matbuot xizmati izohida.

Noyabr boshida Britaniyaning The Financial Times gazetasi O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragani haqida xabar bergan edi. Nashr, O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, cheklovlar tadbirkorning mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishiga to‘sqinlik qilayotganini yozgan.