Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yangi issiqlik elektr stansiya ishga tushirildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

220 MVt quvvatga ega gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi Turkiyaning Cengiz Enerji kompaniyasi tomonidan qurilgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, IES 20 noyabr kuni soat 10:00 dan elektr tarmoqlariga energiya yetkazib berishni boshlagan (dastlab, 25 oktabrdan ishga tushirish rejalashtirilgan edi).

O‘rnatilgan «qurilmalarning foydali ish koeffitsiyenti yuqoriligi» tufayli stansiya yiliga 1,7 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 150 mln kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Tejalgan tabiiy gaz bilan qo‘shimcha 685 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin, deyiladi xabarda.

Elektr stansiyasining qurilishi bahorda boshlangan edi. 29 mart kuni O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari tomonidan mazkur elektr stansiya qurilishiga start berilgandi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatida Cengiz Enerji kompaniyasi ishtirokida qurilgan quvvati 240 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tgandi. U yiliga 2 mlrd kilovatt-soat energiya ishlab chiqaradi.