20 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasida navbatdan tashqari prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Saylov jarayonlarini YeXHT DIIHB, MDH, SHHT, TDT, IHT va boshqa tashkilotlardan kelgan 641 nafar xalqaro kuzatuvchilar, qariyb 50 davlatdan tashrif buyurgan OAV vakillari, shu jumladan «Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorov ham bevosita kuzatib boradi.

Yakshanba kuni 10 101 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatadi. Shundan 86 tasi mahalliy vaqt bilan 6:00 da, qolganlari esa 7:00 dan ochiladi.

Nomzodlar haqida

Qozog‘istonliklar 6 nafar nomzod orasidan o‘ziga kelgusi 7 yilga mamlakat yetakchisini tanlashi lozim.


Foto: Tengrinews.kz.

Karakat Abden — «Professional ijtimoiy ishchilar milliy alyansi» respublika jamoat birlashmasidan nomzod. Shiori: «Men oila, jamiyat va vatanga nima kerakligini bilaman».

Qasim-Jomart Toqayev — ommaviy-siyosiy kuchlarning Xalq koalitsiyasidan. Shiori: «Adolatli davlat — adolatli iqtisodiyot — adolatli jamiyat».

Saltanat Tursinbekova — «Qozoq onalari — an’analarga yo‘l» respublika jamoat birlashmasidan. Shiori: «Mamlakatni siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi bosqichiga chiqish».

Nurlan Auyesbayev — muxolifat Milliy sotsial-demokratik partiyasidan. Shiori: «Ozodlik, Adolat, Birdamlik!».

Jiguli Dayrabayev — «Ovul» Xalq demokratik vatanparvarlik partiyasidan. Shiori: «Boy qishloq — kuchli davlat».

Meyram Kajiken — «Omonat» respublika kasaba uyushmalari birlashmasidan. Shiori: «Farovonlikning asosi birlikdir».

«Barchaga qarshiman» grafasi


18 noyabr kuni Kazmedia studiyasida xorijlik jurnalistlar bilan uchrashuvda Qozog‘iston davlat maslahatchsi Erlan Karin navbatdan tashqari prezident saylovlarining o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.


Qozog‘iston davlat maslahatchsi Erlan Karin. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«Ertadan keyin bizda prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Fuqarolarda boshqa nomzodlardan tashqari, o‘z tanlovini barchaga qarshi ovoz berish yo‘li bilan ifodalash imkoniyati ham bo‘ladi. Bizda ilk marotaba prezident saylovlari aynan shu tartibda o‘tkaziladi», — dedi u.

Davlat maslahatchisi shuningdek, muxolifatlar haqidagi savolga ham javob berdi.

«Ko‘plab tashabbuslar amalga oshirildiki, jamoatchilar yoki alohida muxolifat bo‘ladimi farqi yo‘q, xattoki, fuqarolik faollari ham yanada faolroq ushbu jarayonlarda ishtirok etmoqda. Aytish mumkinki, muxolifat jamiyatning ajralmas qismlaridan biri sifatida ham ushbu siyosiy o‘zgarishlarning hammuallifi hisoblanadi», — dedi u.


«Yaqinda bo‘lib o‘tgan referendum va hozirgi saylov — shuningdek, jamiyatda o‘zgarishlarga talab borligini, qolaversa, hokimiyat ilgari surgan tashabbuslar fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini ko‘rsatmoqda. Ular, shuningdek, hukumat va jamiyat mamlakatni yanada rivojlantirish uchun bir xil qarashlarga ega ekanligini ko‘rsatyapti», — deya qo‘shimcha qildi u.

Bundan tashqari, Qozog‘istonning amaldagi hukumati vakili yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomaning natijalarini e’lon qilingani va xalq hozirgi siyosatni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.


«70 foizdan ko‘proq qozog‘istonliklar mamlakat to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilmoqda, deb hisoblaydi. Bu shuni ko‘rsatadiki, jamiyat ham, hokimiyat ham kelajak tasviri deb ataladigan mamlakatning rivojlanish istiqbollari haqida taxminan bir xil tushunchaga ega. Mafkuraga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yerda hamma narsa juda oddiy. Biz har xilmiz, teng huquqlimiz, turli fikrlarga ega — yagona millatmiz. Ya’ni, biz umumiy qadriyatlar mavjudligi va har xil farqlarga, farqlarga qaramay, ularga intilishimiz kerak deymiz», — deya qayd etdi Erlan Karin.