Samarqand viloyatining Samarqand tumani «Jarqishloq» mahallasida yashovchi 26 yoshli ayol uch bolasi bilan birga o‘zini Darg‘om kanaliga tashlab yubordi. Oqibatda bolalarning ikki nafari halok bo‘lgan, deya xabar bermoqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati.

Voqea 3 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Xabar berishlaricha, ayol qaynonasi bilan yuz bergan oilaviy kelishmovchilikdan so‘ng unga «achchiq qilib» o‘zini bolalari bilan birga suvga tashlagan. Ona va bolalarni hodisa yuz bergan joydagi oshxona ishchilari suvdan olib chiqqan.

«Afsuski, fuqaroning ikki nafar farzandi vafot etgan. O‘zi va yana bir farzandi tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, davolanish uchun shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan», — deyiladi IIB axborotida.

Holat yuzasidan Samarkand tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu holat viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov tomonidan jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilingan. U fuqarolarni «atrofdagi voqealarga e’tiborsizlik»da ayblagan. Yig‘ilishda mahalla mutasaddilarining faoliyati qoniqarsiz deb baholangan.

«Yig‘ilishda xonadonbay ishlash, nizoli, janjalli xonadonlar, turmush o‘rtog‘i xorijda bo‘lgan oilalar bilan muntazam suhbatlar olib borish, nazoratni yo‘lga qo‘yish borasida tushunchalar berildi», — deyiladi viloyat IIB axborotida.