O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlarini muomalaga chiqarish bilan bog‘liq bir qancha holatlarning oldi olindi. Bu haqda departament matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, departamentining Qibray tuman bo‘limi tomonidan DSI xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar A.T. va U.X. iste’molga yaroqsiz 2200 kg tovuq go‘shtini konserva mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlangan.

Departamentining Guliston tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro O.S. iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 961 kg qoramol go‘shtini o‘zining boshqaruvidagi Nexia avtmobilida Toshkentdagi mijozlarga yetkazib berish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Yakkasaroy tuman bo‘limi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.S. 22 dona polietilen qopda iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 612 kg go‘sht mahsulotini o‘zining boshqaruvidagi COBALT mashinasida Toshkent shahridagi mijozlarga yetkazib berish maqsadida olib ketayotda to‘xtatib qolingan.

Departamentning Sirdaryo tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Sirdaryo» YPX maskanidan fuqaro B.E. boshqaruvidagi COBALT avtomobilida fuqaro B.U.ga iste’molchilar hayoti va sog‘ligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 309,1 kg echki go‘shtini Toshkentda sotish maqsadida olib kelayotganida ushlangan.

Departamentning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan DSI xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda ham fuqaro O.A. o‘ziga tegishli go‘sht va kolbasa mahsuloti ishlab chiqarish sexida hech qanday tegishli hujjatlarsiz, iste’molchilar hayoti va sog‘ligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan jami 240 kg qoramol va tovuq go‘shtini muomalaga kiritish maqsadida saqlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Xuddi shunday, departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro Sh. E. o‘ziga tegishli Damas rusumli avtotransport vositasida birlamchi veterinariya hujjatlarisiz, iste’mol uchun yaroqsiz bo‘lgan 170 kg qoramol go‘shtini sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.