14 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasida Ukraina bo‘yicha 11-favqulodda sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplashni ta’minlaydigan xalqaro mexanizm yaratish bo‘yicha rezolyutsiya loyihasi ovozga qo‘yildi. Hujjat 94 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, 13 delegatsiya qarshi ovoz berdi, 73 davlat, jumladan, O‘zbekiston betaraf qoldi.

BMT axborot xizmati xabariga ko‘ra, hujjat Bosh Assambleya a’zolarini Rossiya «tajovuzi» paytida sodir etgan xalqaro huquqning har qanday buzilishi uchun javobgarlikka tortilishi va yetkazilgan zararni qoplashi shartligini tan olishni belgilaydi.

Shu maqsadda hujjat xalqaro mexanizmni yaratishni nazarda tutadi, shuningdek, manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslarga Ukraina davlatiga yetkazilgan zarar, yo‘qotish yoki jarohatlar to‘g‘risidagi dalillar va ma’lumotlarni hujjatlashtirish uchun bunday yo‘qotishlarning xalqaro reyestrini yaratishni taklif etadi.

Foto: twitter.com/UN_News_RU.

«Rossiya Ukrainani yo‘q qilish uchun tom ma’noda hamma narsani qildi. Bosqinning birinchi kunidanoq bombalar tashlab, raketalar uchirdi, Ukrainaning shahar va qishloqlarini har xil qurollar orqali o‘qqa tutmoqda, zavod va fabrikalarga, turar-joy binolariga, maktablarga, kasalxonalar va bolalar bog‘chalariga zarba bermoqda», — dedi Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa.

«Biz hammamiz Bucha, Irpen, Borodianka, Mariupol va Izyumdan olingan kadrlarni ko‘rdik. Rossiya Ukrainadagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va temir yo‘llarni vayron qilmoqda. Birgina so‘nggi oyning o‘zida Ukraina energetika tizimining yarmini amalda yo‘q qildi, millionlab ukrainaliklarni qish arafasida elektr, suv va issiqliksiz qoldirdi», — dedi diplomat.

Rossiyaning doimiy vakili Vasiliy Nebenzyaning aytishicha, rezolyutsiya mualliflari muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Kiyevga qurol yetkazib berishni moliyalashda va allaqachon yetkazilgan qurollar uchun qarzlarni to‘lash uchun foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlaydi.

«G‘arb davlatlari hech qachon «reparatsiya»ni o‘z gunohlarini yuvish yo‘li deb hisoblamagan. Yigirma yil davomida ular Bosh Assambleyaning oltinchi qo‘mitasida ushbu mavzuni muhokama qilish va xalqaro huquqbuzarliklar uchun davlatlarning javobgarligi to‘g‘risidagi har qanday ko‘p tomonlama hujjatni ishlab chiqishga to‘sqinlik qildilar. Hozirgi vaqtga kelib esa, «reparatsiya» boshqa davlatni talon-taroj qilish uchun qulay vosita sifatida ko‘rinib qolgani uchun ushbu konsepsiyani eslab qolishdi», — dedi u.

BMT Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari sessiyasi Xavfsizlik Kengashining 1950 yildagi «Tinchlik uchun birlik» rezolyutsiyasi asosidagi qarori bilan o‘tkaziladi. Ushbu tartib Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolarining har qaysisiga, Rossiya vetosini chetlab o‘tish imkonini beradi. O‘n birinchi navbatdan tashqari maxsus sessiya a’zo davlatlarning iltimosiga binoan joriy yilda bir necha marta o‘z ishini qayta tikladi.