O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarada yashovchi 130 ga yaqin oilani ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chegara hududlari delimitatsiya va demarkatsiya qilinganidan so‘ng chegaradan 50 metr masofada himoya chizig‘i va ikki qator to‘siqlar yaratiladi, shuningdek, «mudofaa va ekspluatatsiya» bilan bog‘liq boshqa talablar ham bajariladi.

«Albatta, ma’lum bir joylardan odamlarni ko‘chirishga majbur bo‘lamiz. Qilgan hisob-kitobimiz bo‘yicha taxminan 130 ta xonadonni ko‘chirish mo‘ljallangan. Taxminan 50 mlrd so‘m (4,5 mln dollar atrofida, har bir oilaga 384,6 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi — tahr.), uy-joylari, hovlilaridagi daraxti, uzumi — hammasi hisoblangan. Bu — taxminiy hisoblangan mablag‘», — dedi u.

Hukumat rahbari yangi uy qurish yoki yangi joydan turar-joy sotib olish uchun kompensatsiya olishlarini ta’kidladi.

«Ular xohlasa biz kompensatsiya qilib mablag‘ini to‘lab beramiz va o‘zlari qurib olishlari uchun joy beramiz boshqa joydan. Yoki ularga yangi qurilgan joylardan taklif qilamiz, bergan kompensatsiya pulidan o‘zlari belgilangan o‘zining tannarxi qiymati sotib olish imkonini beramiz», — dedi bosh vazir.

Abdulla Aripov «Hech kim norozi bo‘lmaydi», — dedi bu masala shaxsan prezident tomonidan nazorat qilinadi.

Dushanba kuni deputatlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampir-obod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilgani haqida avvalroq xabar bergan edik. O‘zgarishlar Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari chegaralariga ta’sir qiladi.