Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga yaqinda qilgan tashrifimizdan so‘ng biz — Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) elchilari Markaziy Osiyoda keng qamrovli xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlashda har qachongidan ham ko‘proq qat’iymiz.

YeXHT 57 davlatdan iborat Yevropa va Yevrosiyo xavfsizligini muhokama qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yirik tashkilotdir. Ushbu tashkilot ilgari suradigan yondashuvga ko‘ra, xavfsizlikni ta’minlashda uni jamoaviy tarzda ko‘rib chiqish, uni birgalikda rivojlantirish, iqtisodiy, ekologik va inson xavfsizligini parallel ravishda mustahkamlash, harbiy xavfsizlik va transmilliy tahdidlarga e’tiborli bo‘lish lozim. Aynan shu barchamizni yanada tinchroq, xavfsizroq va farovonroq qiladi.

Hozir hammamiz Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi natijasida global xavfsizlik uchun jiddiy muammoga duch kelmoqdamiz — bu qadam Yevropa va Yevrosiyo xavfsizligining asosiy tamoyillariga putur etkazib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga global ta’sir ko‘rsatdi, shuningdek, qo‘shni mamlakatlarda beqarorlashtiruvchi iqtisodiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakatlarimiz YeXHT tamoyillari va qoidalarga asoslangan xalqaro tizim elementlarini, jumladan, hududiy yaxlitlik, suverenitet, kuch ishlatmaslik va chegaralar daxlsizligini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Rossiyani bu urushni to‘xtatishga va o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan to‘liq olib chiqib ketishga chaqiramiz.

Biz YeXHT mintaqasining boshqa qismlarida sodir bo‘layotgan voqealarni ham nazardan qochira olmaymiz. Biz, ayniqsa, Afg‘onistondagi inqiroz sabab mintaqaviy barqarorlik uchun xavf-xatarlar mavjudligini ta’kidlaymiz. Bunga javoban turli vositalar, jumladan, chegaralarni boshqarish, terrorizmga qarshi kurash va zo‘ravon ekstremizmlarga qarshi turish sohasida choralar amalga oshirilmoqda. YeXHT faoliyati zaifliklarni bartaraf etishga yordam beradi va mintaqa uchun aloqa va rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi. Markaziy osiyolik hamkorlarimizga ularning Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha davomiy olib borayotgan ishlari va qo‘llab-quvvatlovlari uchun minnatdorchilik bildiramiz.

YeXHTning barcha Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vakolatxonalari o‘zlarining tajribalari, targ‘ibotlari, ziddiyatli guruhlar bilan ishlashlari, o‘zlarining joylardagi muassasalari hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) va Ommaviy axborot vositalari erkinligi bo‘yicha vakil institutlari orqali butun mamlakat bo‘ylab barcha darajalarda ishtirok etishlari orqali haqiqiy amaliy qiymat yaratmoqdalar.

Tashrifimizdan bir qancha xulosalarimiz bor. Birinchidan, biz xavfsizlik muammolari bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligini tan olamiz — biz duch kelayotgan ko‘plab tahdidlar umumiy bo‘lib, mamlakatlarimiz hamkorlik qilishga, xususan, YeXHT tomonidan taqdim etilgan vositalardan foydalanishga tayyor.

Ikkinchidan, biz Markaziy Osiyoda iqtisodiy xavfsizlik uchun chuqurroq bog‘liqlik muhimligini tan olamiz. YXHT savdo, transport va raqamlashtirishni amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Aloqa va tinchliksevar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik tufayli yaratilgan farovonlik barqarorlik uchun markaziy o‘rin tutadi. Iqtisodiy xavfsizlik korrupsiyaga qarshi kurashish, samarali boshqaruv, qonun ustuvorligi va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish masalalariga qat’iy yondashish orqali mustahkamlanadi.

Uchinchidan, biz mintaqa bo‘ylab iqlim va energetika masalalari, jumladan, suv resurslarini boshqarish va yashil energiyaga o‘tish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish muhimligini ko‘ramiz. Iqlim inqirozi kelajagimiz uchun ekzistensial tahdiddir. YeXHT suv diplomatiyasi va suv resurslarini boshqarishda muhim rol o‘ynashi mumkin. Iqlim o‘zgarishi suv tanqisligini kuchaytirar ekan, transchegaraviy hamkorlik yanada muhimroq bo‘ladi. YXHT ushbu sohalarda, jumladan barqaror energiya ishlab chiqarish bo‘yicha ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishda allaqachon yordamchi rol o‘ynamoqda. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda muhim energetika infratuzilmasini himoya qilish va energiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ahamiyatli ishlarni amalga oshiradi.

Nihoyat, xavfsizlik ommaviy axborot vositalari erkinligi, ochiq va adolatli saylovlar hamda so‘z erkinligi bilan mustahkamlanadi. Hamma uchun inson xavfsizligi, ichki xavfsizlik, mintaqaviy va butun YeXHT mintaqasida xavfsizlikning asosiy ustunidir. YeXHT o‘zining joylardagi vakolatxonalari, shuningdek, DIIHB va OAV erkinligi bo‘yicha Vakillari orqali muhim islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Mintaqaga tashrifimiz chog‘ida ko‘rsatgan samimiy mehmondo‘stligingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Markaziy Osiyo muhim mintaqadir. Biz siz bilan keng qamrovli xavfsizlik masalalari bo‘yicha, jumladan, YeXHT orqali hamkorlik qilishga tayyormiz.

Elchi Kristin Fages, Fransiyaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi doimiy vakili

Elchi Gesa Brautigam, Germaniya Federativ Respublikasining Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi doimiy vakolatxonasi

Elchi Nil Bush, Buyuk Britaniyaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi delegatsiyasi

Elchi Maykl Karpenter, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi doimiy vakili