Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tengdoshlari kaltaklashi oqibatida 14 yoshli bolaning vafot etgani yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB holat yuzasidan tayinlangan xizmat tekshiruvi yakunlandi.

Avvalroq o‘sha kunda navbatchilik qilgan 2 nafar IIO xodimi tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjalning oldini olmagani uchun ishdan olingandi. Yakunlangan tekshiruv xulosalariga ko‘ra, ushbu markaz boshlig‘i ham egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga «hayfsan» intizomiy jazosi tayinlandi. 4 nafar xodimning esa lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 16 oktabr kuni Farg‘onadagi bozorda o‘g‘rilik qilmoqchi bo‘lgan 14 yoshli o‘smir qo‘lga olinib, Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. Ertasi kuni u shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

YouTube`dagi kanal muallifi Olimjon Xaydarovning aytishicha, o‘smir Qo‘qon shahar IIBning uzoq vaqtdan beri jinoyat sodir etib kelgan bir necha o‘smirlar ham bo‘lgan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. Qayd etilishicha, bir guruh o‘smirlar uni kaltaklagan va mazah qilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga «bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi» sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18 oktabr kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.