Xalqaro CITES ro‘yxati hamda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan tasqara qushi o‘ldirilgan, deya xabar qildi Ekologuz Telegram-kanali. Kanal o‘lik qushni ko‘tarib olgan ikki ovchi suratini e’lon qildi, biroq holat qayerda va qachon sodir bo‘lgani noma’lum.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hodisa yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qildi.

Tasqara qushini ovlash taqiqlangan bo‘lib, bu tur tog‘ qo‘riqxonalarida va milliy bog‘larda himoya ostiga olingan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ekologiya-patrul xizmati bilan birgalikda qush tutilgan joy va suratdagi shaxslarning shaxsini aniqlamoqda.

Jinoyat kodeksining 202-moddasiga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan hayvon yoki o‘simlik turlarini yo‘q qilish — 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qizil kitobga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosining noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlariga yetkazilgan zararning o‘rni besh baravar miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo‘llanilmaydi.