Buxorolik 22 yoshli yigit 29 yashar xotini va 5 yashar o‘g‘lini o‘ldirib, yoqib yubordi. Hodisa Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Ko‘kgumbaz mahallasi, Zargar qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berdi.

Qayd etilishicha, fuqarolardan biri 102 raqami orqali M-39 Olmaota-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumanidan o‘tgan qismida, yo‘l yoqasidagi qirlikda ayol va voyaga yetmagan bolaning kuygan jasadlarini ko‘rgani haqida xabar bergan.

Shundan so‘ng hodisa joyiga G‘allaorol tumani IIB tergov-tezkor guruhi xodimlari yetib borgan va holat yuzasidan tezkor surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan.

“Dastlabki surishtiruv davomida jasad Buxoro viloyati Shofirkon tumanida „Iskagore“ QFYda yashovchi, 1993 tug‘ilgan ayolga tegishli ekani aniqlangan. Sud-tibbiy ekspertizada ayol va bola yuqori nafas yo‘llarining berkilib qolishidan vafot etgani, qotil ularni bo‘g‘ib o‘ldirgani aniqlagan”, — deyiladi IIB axborotida.

Ta’kidlanishicha, surishtiruv davomida ayol bilan birga yashab kelgan, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Sarmijol” QFYda istiqomat qiluvchi 2000 yilda tug‘ilgan yigit gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinadi. Dastlabki tergov davomida yigit o‘z jinoyatini tan oladi.

Ma’lum bo‘lishicha, yigit ayol bilan bundan 5 yil avval tanishgan. Boshida yoshlarning munosabatiga har ikkisining ham oila a’zolari qarshilik bildirgan. Shunga qaramay, ular munosabatlarini davom ettirib, shar’iy nikoh bilan yashay boshlagan. Ular 2017 yilda farzandli bo‘lgan. Er-xotin o‘rtasida tez-tez janjal holatlari kuzatilgan.

“Joriy yil kuzda ayol homilador bo‘lib qolganini ma’lum qiladi. Yigit u paytda poytaxtga qurilish uchun ketgandi. Yigit uni va o‘g‘lini Toshkentga chaqirib olib, Zangiota tumani Olimpolvon mahallasidagi ijara uyga joylashtiradi. Ayolning qo‘lida ortiqcha pul borligini ko‘rgan yigit uni xiyonatda ayblaydi. Uch kundan so‘ng ular Buxoroga qaytish uchun yo‘lga chiqishadi va soat 17:00 lar atrofida qotillik ro‘y bergan joyda, ya’ni G‘allaorol tumanida taksi mashinasidan tushib qolishadi”, — deyiladi Jizzax viloyati IIB axborot xizmati tayyorlagan lavhada.

Qo‘shimcha qilinishicha, o‘sha yerda er-xotin o‘rtasida yana janjal yuzaga keladi. Yigit xotiniga bir nechta shapaloq tushirgach, ayol uni tosh bilan uradi. Shundan so‘ng yigit xotinini panaga olib o‘tib, uni avval qo‘li bilan, keyin esa soch quritish tarmog‘i bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi. Jinoyatga guvoh bo‘lgan bolani yigit olib ketmoqchi bo‘ladi. Ammo u onasi bilan qolishini aytadi. Yigit jinoyatiga guvoh qolishini istamay, o‘g‘lini sumka tasmasi bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi.

“Ikki insonning boshini yegan qotil jinoyatini yashirish uchun marhumlarning kiyimlarini ularning ustiga tashlab yoqib yuboradi va voqea joyidan yo‘lovchi avtoulov orqali Buxoro tomonga yo‘l oladi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.