Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdoning atigi 4 foizini tashkil etadi. Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

TDT sammitidagi nutqi davomida Shavkat Mirziyoyev «bunday holat hech qaysi davlatni qoniqtirmasligini» ta’kidladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Bundan tashqari, davlatlarimiz orasida ayrim import bojxona tariflari yuqori bo‘lib qolmoqda, — deya so‘zida davom etdi prezident. — Bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun, tashkilotimiz doirasida «Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi»ni barpo etish tashabbusini ilgari suramiz».

Shavkat Mirziyoyev tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda, har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazishni taklif etdi.

O‘zbekiston qo‘shma Investitsiya fondini ishga tushirish taklifini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilindi.

«Biz Transkaspiy xalqaro koridori haqida ko‘p gapirayapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak. Misol uchun: O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali 10 foiz tashqi savdo yuklarini tashimoqda», — dedi u.

«Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda joriy etilgan avto-transport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga tashkilotimiz davlatlarini ham qo‘shilishga chaqiramiz», — O‘zbekiston yetakchisi.

Davlat rahbarining firkicha, transport va tranzit salohiyatimizni to‘la ishga solish uchun: «Nimalar qilishimiz kerak? Qanday qo‘shimcha choralar ko‘rish kerak, ularni qaysi muddatda va kimlar amalga oshiradi?» degan savollarga javob topish lozim.

U bu borada bugun qabul qilinayotgan dastur asosida transport vazirlari tomonidan yil oxiriga qadar qo‘shma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etdi.

Asosiy e’tibor quyidagilarga qaratish lozimligi ta’kidlandi:

  • mintaqadagi tranzit koridor-larining raqobatbardoshligini oshirish;
  • biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish;
  • zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratmog‘imiz kerak.

«Shu o‘rinda, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda joriy etilgan avto-transport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga Tashkilotimiz davlatlarini ham qo‘shilishga chaqiramiz. Bu yil Toshkentda o‘tkazilgan Birinchi Turkiy agroforum oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida nihoyatda katta salohiyatimiz borligini yaqqol ko‘rsatdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Tashkilotimizning nafaqat o‘z mamlakatlarimizni, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati bor», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, bu yo‘nalishda amaliy qadamlarni yanada kuchaytirish va aniq loyihalar asosida hamkorlikni chuqurlashtirish lozimligi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev quyidagilarni taklif etdi:

Birinchidan, global va ichki bozorlarimiz ehtiyojlari, davlat-larimizning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish samarali tizimini yaratish bo‘yicha tashkilot doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish vaqti keldi.

Ikkinchidan, sohaga innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni jadal olib kirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish muhim.

Uchinchidan, ijobiy tajriba asosida, Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida «Smart» qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish.