Xorazm viloyatida internetdan foydalanishi davomida Suriyadagi xalqaro terroristik tashkiloti «jangari»larining ta’siriga tushib, ularning safiga chiqib ketmoqchi bo‘lgan ayol huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Aniqlanishicha, fuqaro A.S. o‘zining tanishlariga diniy da’vatlar qilib, internet orqali ularga «jangari»larning qo‘poruvchilik faoliyati aks etgan videoroliklarni tarqatib kelgani aytilmoqda.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hibsga olindi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida terroristik tashkilot a’zosi bo‘lgan erkak xorijda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingandi. U ham nternet tarmog‘i orqali xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Ularning ta’sirida 2019 yilda Suriyaga borib, «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti safiga qo‘shilgan hamda jangovar harakatlarda qatnashgan.