Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumani 10-mavzesidagi «Ko‘tarma» mahallasi aholisining 1, 3, 9 va 39-uylar oralig‘idagi hududda yangi ko‘p qavatli uy qurilishidan norozi bo‘lib qilgan murojaatlari tarqaldi.

Qurilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zining 2020 yil 9 dekabrdagi qarori (№1147) bilan tadbirkor Mirhamid Mirxo‘jayevga uning buzilgan obyekti o‘rniga kompensatsiya sifatida Chilonzor massividagi 1, 3 va 9 uylar oralig‘idan 10 sotix yerni muntazam foydalanish huquqi bilan ajratib bergan. Ushbu hududda to‘qqiz qavatli uy qurilishi ko‘zda tutilgan edi.

Mirhamid Mirxo‘jayev amalda mazkur loyihaning buyurtmachisi hisoblanali. Fuqarolar murojaatida quruvchi tashkilot sifatida tilga olingan Max Building Project esa hujjatlarda loyiha tashkiloti sifatida ko‘rsatilgan.

Saydulla Sayfullayev. Foto: Kun.uz.

AT Kvartal Build kompaniyasi ta’sischilaridan biri Saydulla Sayfullayev Qurilish vazirligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida yer ajratilganidan bir yil o‘tib kompaniya barcha hujjatlarni rasmiylashtirgani, loyiha chizmalarini aholiga ko‘rsatib, yangi uy qurilishi uchun «80−90 foiz» fuqaroning imzosini to‘plaganini aytib o‘tgan.

Ayni vaqtda, aholi hujjatlardagi imzolarni soxta deb atamoqda. 39-uyda yashovchi Dildora Hamroyeva «Kun.uz»ga bergan intervyusida ta’kidlashicha, to‘rtta «dom» orasida birorta ham bolalar maydonchasi yo‘q, shu bois bolalar qayerda o‘ynashini ham bilmaydi.

Hududning sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi. Foto: Yandeks.Xarita va Google Earth.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallaning sobiq raisi aholidan bolalar maydonchasi qurilishi uchun imzo to‘plagan — ular bu yerda ko‘p qavatli uy qurilishi maqsad qilinganini bilmagan.

«Imzolar soxtalashtirilgan. Ko‘p qo‘shnilarim bugun tadbirkorning qo‘lidagi bayonnomada ularning ismi ko‘rsatilgan qator boshqa birovning imzosi turganini ko‘rishdi. Ular bu bizning imzolarimiz emas, deyishyapti. Bir necha kun avval quruvchilar birdan ekskavatorlarni olib kelib, ishlarni boshlab yuborishdi. Agar uchastka noziri kelib, ularni to‘xtatmaganida ular allaqachon kotlovanni tayyorlab yuborgan bo‘lardi», — dedi u.

Bunda gap tadbirkorni so‘roq qilgan va undan «dom»lar orasida yangi qurish uchun qonuniy asoslarni talab qilgan profilaktika inspektori haqida bormoqda. IIB xodimi Chilonzor tuman qurilish bo‘limi bu yerda ko‘p qavatli uy qurilishidan bexabarligini aytib, tadbirkordan qurilish ishlarini to‘xtatishni talab qilgan.

Shu mahallada yashovchi boshqa bir fuqaro Botir Norqobilovning ma’lum qilishicha, shu yil fevralida hududga «Yashil makon» umummilliy dasturi doirasida 150 ta daraxt ko‘chatlari o‘tkazilgan edi.

«Yosh ko‘chatlardan tashqari, bu yerda 10 dan ortiq ko‘p yillik daraxtlar ham bor. O‘tgan safar ekskavator daraxtlardan birini sindirib ketgandi. Ular bizni kislorod manbasidan mahrum qilmoqchi. Shahar ekologiya boshqarmasidan kelib, tadbirkorni qurilishni boshlamaslik haqida ogohlantirib ketgandi. Biz o‘zimizm pul yig‘ib, ko‘chatlar olib kelib, hashar yo‘li o‘tqazib chiqqandik. Bular 39-uyning orqa tarafida qurgan binoda na bolalar maydonchasi, na avtoturargoh bor. Biz bu yerda o‘zimiz uchun sharoit hozirlashni xohlaymiz. Hokimiyatdan biror yordam yo‘q. Biz uyimiz oldidagi yo‘lni ham 22 million so‘m to‘plab, o‘zimiz ta’mirlatdik», — dedi u.


Yana bir ayol esa aholi dam olishi, ayniqsa bolalar uchun shundoq ham joy kamligini ta’kidlab, hududda yangi uy qurilishiga doir rejalarga qarshi hissiyotlarga berilib fikr bildirgan.

«Biz kommunal xizmatlar uchun to‘layapmiz, svet, gaz, hammasi uchun to‘layapmiz. Soliqlarni to‘layapmiz, shu bois biz [huquqlarimiz ta’minlanishini] talab qilishimiz kerak. Shuncha pul to‘lab, itdek ishlab, bolalarimizni ko‘chaga chiqara olmaymiz. Ular yo yiqiladi, yo mashina bosib ketadi. Ko‘chadan o‘tolmaysan. Soat 17:00 dan keyin bolalar bilan sayr qilishga urinib ko‘r, mashinalar signal chalaverib qo‘ymaydi. Mashinasi bo‘lsa, avtomobili uchun o‘zi sharoit qilsin. Qilolmasa, u holda pulli parkovkaga olib borib qo‘ysin. Nega bular bolalarimiz hisobiga mashinalar uchun joy qiladi?», — deydi u.


5 noyabr kuni hokimlikning ishchi guruhi, tadbirkor va aholi muammoni joyida muhokama qilgan, ammo tomonlar bir to‘xtamga kela olmagan. Aholining 7 noyabrdagi navbatdagi noroziligidan so‘ng, tuman ma’muriyati quruvchiga yana bir uyma-uy yurib, ovoz yig‘ib chiqishni taklif qilgan. Tadbirkor Saydulla Sayfullayev esa barcha hujjatlarni allaqachon to‘plab bo‘lgani va aholi bilan uch-to‘rt marta uchrashganini ta’kidlagan.

Hokimlik aholining nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatladi

8 noyabr kuni 184-maktabda holat yuzasidan navbatdagi muhokama bo‘lib o‘tgan, bu safar uchrashuvda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Chilonzor tumanining yangi hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev va boshqa mas’ul shaxslar qatnashgan.

Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, yerni kompensatsiya sifatida olarkan, tadbirkor Toshkent hokimi va shaharsozlik kengashiga «agar bitta bo‘lsa ham fuqaro qurilishga norozilik bildirsa, o‘sha zahoti qurilishni to‘xtatib, yerni topshirib chiqib ketishi haqida va’da bergan». Tadbirkor kengashni aholi qurilishga rozi ekaniga ishontirgan.

«Shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev tadbirkorga bu va’dani eslatganidan so‘ng, tadbirkor qurish rejasini to‘xtatishini ayti va shu joyda masala yakunlandi», — deb yozdi deputat.

Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkor Saydulla Sayfullayev va hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rtasidagi muloqot aks etgan videoyozuvlar ham tarqaldi:

Tadbirkor: Imzolar yig‘ilgan, 70−80 foiz aholining roziligi olingan.

Hokim: Endi eshiting. Siz shahar kengashining oldida aytgandingiz, 100 kishi bor edi, videosi ham bor. 100 kishi. U yerda shahar arxitektori ham, boshqalar ham bor edi. Siz turdingizda, menga nima dedingiz? Mana shu joyni ko‘rsatdingiz. Men nima dedim [o‘shanda], qani siz o‘sha gapni ayting-chi?

Tadbirkor: Siz «Bu yerda xalq rozi bo‘ladimi? Ur-to‘polonli joy». Men daraxt kesmayman dedim, agar xalq norozi bo‘lsa…

Hokim: Shunda siz nima dedingiz?

Tadbirkor: Bu joyni tashlab ketasan, dedingiz.

Hokim: Xalq rozimi desam, «xavotir olmang, hammasi rozi», dedingiz. Men bu yerda norozi bo‘ladi, daraxtlar kesiladi, og‘ayni, bu yerga mumkin emas, qilib bo‘lmaydi, dedimmi? 100 ta odamning oldida, kameralar bormidi? Siz aytdingizki, kompensatsiyaga berilgan bu joy… (hokimnin gapi zaldagilarning qarsaklari bilan bo‘linib qolgan). O‘shanda agar xalq norozi bo‘lsa nima qilamiz, desam, siz aytdingizki, «men shunday tashlab chiqib ketaman», dedingiz. «Erkak gapmi?», dedim. «Erkak gap», dedingiz. Keyin qo‘l qo‘yib berdim. To‘g‘rimi?

Tadbirkor boshini tasdiq ma’nosida qimirlatib qo‘yadi.

Hokim: Norozimi xalq? (zaldagilar: «Norozimiz»)… Nima degandim, xalq norozi bo‘ladi, bu to‘polonli joy. O‘zingizning uyingiz shunaqa joyda joylashganda, rozi bo‘larmidingiz shunday qurilishga, deganmidim? 100 ta odam bor edi, to‘g‘rimi? Kameralar, videolar ham bor edi.

Agar mening qarorlarimni qurol qilib ishlatadigan bo‘lsangiz, bu bir siz emas, ko‘pgina tadbirkorlarimizga ishonib qilyapmizu, lekin hammasi hokim qaror chiqarib bergan deb orqasidan traktor qo‘yib, ekskavator qo‘yib, ko‘chani o‘rash bilan ovora. Siz, nobop xulqingiz bilan, og‘ayni, normal tadbirkorlarning oyog‘iga putur yetkazyapsiz. Sizlarni deb odobli, odamga o‘xshab ishlaydigan, qonun bilan ishlaydigan, hujjat bilan ishlaydigan, odamlarni rozi qiladigan tadbirkorlar odamlar ichida nafrat uyg‘onyapti. Bu bitta siz emas…

Odamlar norozi bo‘lsa, chiqib ketaman, deb aytgansiz. Bu yerda boshqa muhokama qiladigan gap yo‘q (iqtibos tugadi).

Shundan so‘ng Toshkent hokimi boshqa joyga shoshilayotganini aytib, uchrashuvni tark etdi.