7 noyabr kuni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida videokonferensiya shaklida koronavirusning Omikron-Delta shtammiga qarshi yangi rekombinant oqsilli vaksinaning xalqaro klinik sinovini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov ikki mamlakat o‘rtasidagi ikkinchi avlod vaksinalari bo‘yicha hamkorlik muvaffaqiyatli yakunlanib, O‘zbekiston va barcha mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirdi. Vaksinaning mamlakatda sinovlarini boshlash uchun Etika qo‘mitasining ruxsati olingani va tadqiqotlar hamda klinik sinovlarni boshlash arafasida turilganini qayd etdi.

Akademik Gao Fu Xitoy va O‘zbekistonning ikki tomonlama sa’y-harakatlari bilan ZF2001 yoki ZF-UZ-VAC-2001 yangi koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi avlodi muvaffaqiyatli ishlab chiqilgani va butun dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq doza qo‘llanilib, global epidemiyaga qarshi kurashga katta hissa qo‘shilganini alohida ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, yangi koronavirus vaksinasining ikkinchi avlodi Omicron-Delta ikki valentli protein subunit vaksinasidir. Virus prototipiga asoslangan birinchi avlod vaksinasi bilan solishtirganda, yangi vaksina kengroq va kuchliroq immun reaksiyasini keltirib chiqaradi, hozirda keng tarqalgan omikron subvariantlarini qamrab oladi va omikronning ko‘tarilishi davrida yangi koronavirus pandemiyasini nazorat qilishga muhim hissa qo‘shadi.

«„Bir makon — bir yo‘l“ tashabbusining muhim bo‘limi sifatida ANSO ikkinchi avlod vaksinasining xorijdagi klinik sinovlarini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. Bu hamkorlik milliy imidjni yanada mustahkamlaydi, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va tibbiyot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi», — dedi Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Cao Jinghua.

Ichki ishlar vazirligi tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Nishonov dunyoda koronavirus kasalligi avj olganida xitoy-o‘zbek vaksinasi qo‘l kelganini, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining tarkibda qo‘llanishi, avvaliga, yangilik bo‘lgani haqida gapirdi.

«Shaxsiy tarkibimizda kasalliklar aniqlanishi vaksina qo‘llanilganidan so‘ng keskin kamaygandi. Shu sababli ushbu vaksinaga nisbatan ishonchimiz oshgandi. Hozirgi kunga qadar shaxsiy tarkibning deyarli 100 ming nafar xodimiga vaksinatsiya qilingan. Va u hozirga qadar kasallikka nisbatan o‘z samarasini ko‘rsatib turibdi», — dedi u.

Ikkinchi avlod oqsil vaksinasining antigenlari yangi koronavirusning delta va omikron mutatsiya shtammlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular hozirda keng tarqalgan yangi koronavirus omikron mutatsiya shtammlaridan yaxshiroq himoya qilishi kutilmoqda. Omikron shtammining yangi mutatsiyasi butun dunyoda davom etayotgan bir paytda, COVID-19 pandemiyasiga qarshi Xitoy va O‘zbekiston hukumatlari o‘z hissasini qo‘shgan holda «samarali va uzoq muddatli himoya vaksinasini yaratishga umid qilmoqda».

«Bizda juda katta jamoa shakllangan va bu loyiha muvaffaqqiyatli o‘tishiga ishonamiz. Bunga barcha imkoniyatlarimiz va tajribamiz ham yetadi. Eng muhimi, bizning hamkorlarimiz hamda ikki davlatning siyosiy irodasi bizga kuch bag‘ishlaydi. Barcha tadqiqotchilarni yangi avlod vaksinasi bilan tabriklab, muvaffaqiyatlar tilayman», — dedi vazir Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.