Andijon davlat universiteti tayanch doktoranti Sharofiddin Hoshimjonov Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasidagi aslida «o‘ta noqulay va mantiqsiz tartiblar» bo‘yicha o‘zining fikrlarini bildirdi. Quyida uning maqolasini e’tiboringizga havola etamiz.

Shu yilning 1 noyabridan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 24/7 tartibida ish boshlashini e’lon qildi. Tartib sinov muddati bilan joriy etilib, yaxshi samara bersa, doimiy asosda ish olib borishi mumkinligi bildirildi. Lekin Milliy kutubxona faoliyati samarasi faqat shu masalaga bog‘liqmi? Haftasiga yetti kun ish rejimidan tashqari yana bir qancha muammolari ham borki, ular kitobxonni bezdirishdan boshqasiga yaramaydi.

Bugun dunyoda turli shakldagi 2,7 milliondan ortiq kutubxona mavjud. Ularda ro‘yxatdan o‘tganlar soni esa 1 milliard 40,2 million kishi atrofida. Eng tez rivojlanayotgan davlatlarda kitob o‘qish va kutubxonalarga tashrif buyuruvchilar soni kutilganidan ko‘p. Demak, rivojlanish shartlaridan biri — mutolaa. 2021 yil ma’lumotlariga ko‘ra, bugun eng ko‘p kitob o‘quvchilar Hindiston, Tailand va Xitoyda yashaydi. AQShda aholining 55 foizi kutubxonaga a’zo yoki doimiy foydalanuvchi. 2017 yilda dunyoda kutubxonalarga tashrif yiliga 1 mlrdlik ko‘rsatkichdan o‘tdi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda-chi? Bu haqida umumiy ma’lumotlar topish qiyin. Davlat Statistika qo‘mitasi saytida 2021 yil 1 yanvar holatida 400 ta axborot-resurs va axborot-kutubxona markazi borligi ko‘rsatilgan. Lekin bu kutubxonalarning aniq sonini ko‘rsatmaydi. Chunki statistikada kutubxona turlari ochiqlanmagan, ularning qanchasi davlat, akademik, jamoat, maktab yoki boshqa kutubxona ekani aytilmagan, katta ehtimol bilan maktab va boshqa turdagi kutubxonalar ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.

Kutubxonaga kelguvchilar sonini bilishning iloji ham yo‘q bo‘lsa kerak. Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyevaning ma’lumot berishicha, kunlik tashriflar 2,5 mingga yaqin. Taxminan, yillik tashrif buyuruvchilar esa 912 ming atrofida. Nega buncha kam? Harholda, poytaxt aholisi 3 mlndan ortiq. 500 mingdan ortiq talaba, viloyatlardan keluvchi minglab tadqiqotchini hisobga olsak, yillik tashriflar soni chindan kam. «Odamlar kitob o‘qimay qo‘ygan», deyish bir tomonlama xulosa. Balki kutubxonalarni kitobxon uchun qulay, sevimli hududga aylantirish kerakdir?!

Tadqiqot ishim yuzasidan bosh kutubxonamizga tez-tez boraman, a’zo bo‘lganimga 7 yildan oshdi. Bu manzil tadqiqotchilar uchun asosiy ish joyiga aylangan, fondi ham o‘ziga yarasha boy va turfa. Biroq undagi tartib va qoidalar shu qadar ko‘pki, kelganni bezdirib yuboradi.

Barchasi kutubxonaga kirishdagi qattiq tekshiruvdan boshlanadi: dastlab, metallodetektordan o‘tiladi, keyin xavfsizlik xizmati xodimi boshdan oyoq badanning uch-to‘rt yeridan ushlab, tekshiradi. Yozda yupqa kiyimga qarab aniq ko‘rish mumkin nimadir yashirilmaganini. Lekin ushlab tekshirish shart, sababini so‘rasangiz, «Kamera bor, nima, gap eshitaylikmi?», qabilidagi javob yangraydi. Navbat sumkangizga keladi. Uni ochasiz va xodim unda nimalarnidir qidiradi, u-bu buyumni nima deb so‘raydi, javob berasiz.

So‘ng garderobga o‘tasiz. «Shirinso‘z» xodimalar tarbiya darsini boshlaydi. Ichkariga sumka bilan kirish taqiqlanadi, garderobga topshirish shart. Shu bilan birga sumkadagi buyumlarni qoldirib kirish ham ilojsiz, katta-katta harflarda yozib qo‘yligan: «Garderobga qo‘yilgan sumkalar ichidagi narsalarga javob bermaymiz!». Ajoyib mantiq-a! Qo‘yishga majbursiz va shuningdek, ichidagi hujjatu ashyolar yo‘qolishiga ma’muriyat javob bermaydi. Javob berolmasa, sumkani ichkariga olib kirishga ruxsat berish lozim, bo‘lmasa, uning ichidagilarga javob bersin. Xullas, bor narsani qo‘lga olasiz: kompyuter, uning quvvatlagichi, kitob-daftar, ruchka-qalam va hokazo. Eng qizig‘i, shaxsiy kitobingiz bo‘lsa, har biri uchun alohida ruxsatnoma olish shart.

Yana bir qiziq talab — kutubxonaga shortik kiyib kirish qat’iyan man etiladi. Bir gal kirishda kalta shim (kalta shortik emas, anchagina uzun edi) kiygan yigitcha kiritilmadi. Uzoq tortishib, orqasiga qaytib ketdi. Boshqa safar kalta shimi tizzasiga bir qarich yetmaydigan qizga hech kim indamadi (qiz rusiyzabon ekan). Ikki xil standart. Bu bilan qizni kiritishmasin, demoqchi emasman, shortikli yigitlar ham kiritilsin, demoqchiman.

Yana bir kulgili «qoida» — kutubxonaga choy olib kirolmaysiz. Uydan termos yoki yelim idishga issiqqina choy yoki kofe damlab keldingiz, kutubxonaga kiritilmaysiz.

Binoning asosiy qismi — tematik o‘quv zallariga guvohnomasiz kiritilmaysiz. Qo‘lingizdagi narsalar bilan ikkinchi tekshiruv «post»iga kelasiz. «Post»da o‘tgan-ketganni ko‘p ko‘rganidan zerikkan gvardiya xodimi qo‘rslik bilan (shunisiga tushunmayman, biz o‘ta jiddiy yuz ifodasi bo‘lmasa ham gvardiya va IIV xodimlarini birdek hurmat qilaveramiz) tekshiruvdan o‘tkazadi, guvohnomangizni ko‘radi, undagi rasmingiz bilan o‘zingizni ikki-uch marta solishtiradi. Qo‘lingizdagi kitoblarning har birini tez-tez varaqlab chiqadi. Bu nega kerak, tushunmadim.

Kutubxona ichi ham odamni ruhan ezadi. Taqiqlar me’yoridan ko‘pdek. Kitoblarni qidirish va ularga buyurtma berish ham o‘sha eskicha tizimda ishlaydi. To‘g‘ri, elektron katolog bor, lekin qidirsangiz, siz izlagan kitob deyarli chiqmaydi. Kitoblar katalogiga o‘tasiz. Aksar kitobxon undan foydalanishni bilmaydi. Doim ham katalog joylashgan xonada kutubxona xodimi bo‘lavermaydi. Ma’lumotlarni topgach, buyurtma uchun belgilangan joyga boriladi va xodimga buyurtma qog‘ozi to‘ldirib beriladi. 15−20 daqiqada kitob qo‘lga tegadi. Kitoblarini uyga olib ketish mutlaqo taqiqlanadi. Nusxasini olay desangiz, 15 foizigagina ruxsat bor. Mualliflik huquqini tushunamiz, lekin, bu chop etilganiga 50−60 yil bo‘lgan kitoblarga ham tegishli ekani g‘alati.

Umuman olganda, kitoblarni qidirish va ularga buyurtma berish tizimini elektronlashtirishga katta resurs shart emas, xohish bo‘lsa kifoya. Elektron bazalar doimiy ishlamaydi, xodimlar esa «hozir ishlamay qoldi»dan nariga o‘tmaydi.

Kutubxonadan foydalanib bo‘ldingiz. Endi ketish kerak. Qaytishda ham kirishdagi chig‘iriqlardan o‘tasiz. Tepadan pastga tushgach, qarshingizda yana o‘sha jiddiy qiyofadagi qo‘riqlash xodimi yana guvohnoma so‘raydi. «Chiqib ketyapman-ku, bu nega kerak?», desangiz, «Talab shunaqa», deydi. Mantiqsiz talab. Chiqib ketayotganda kirish guvohnomasini so‘raydigan yagona tashkilot Milliy kutubxona bo‘lsa kerak.

Eng muhim kamchiliklardan biri: yosh bolali onalarga sharoit yo‘q, hisobi. Bolasi yoshiga yetmagan yoki bog‘chaga bormagan tanishlarim ko‘p. Ular ham kutubxonaga borishni xohlaydi, lekin farzandiga qaraydigan yaqini yo‘q. Agar kutubxonada bir xona ajratilib, ona-bola uchun sharoit hozirlansa va bu joy doimiy ishlasa, yosh onalar, tadqiqotchi kelinlar ham kutubxonaga kela oladi. Birinchidan, ona o‘ziga kerakli adabiyotni topib, o‘qib, foydalansa, ikkinchidan, bolalar ham barvatq yoshdan kutubxona muhitini ko‘rib ulg‘ayadi, kitob nimaligini tushunadi, bevosita tarbiyalanadi. Kutubxonada bolalar maydonchasi, ona va bola xonasi, balki pulli asosda soatlar ajratilib, bolalarga qarab berish xizmati tashkil etish ham mumkin.

Kanadada yashab, ishlayotgan vatandoshimiz Farxod Fayzullayev Kalgari kutubxonasi haqida shunday deydi: «Kalgarida Markaziy kutubxona bor. Kuni kecha o‘sha kutubxonada tadbirda ishtirok etdim. Ikkita narsa e’tiborimni tortdi.

Birinchidan, kutubxonada yosh bolalar (hali o‘qishni bilmaydigan) va kolyaska itarib yurgan onalar ko‘p. Chunki kutubxonaning bir qismigina jim o‘tirib, kitob o‘qishga mo‘ljallangan. Katta qismi esa oilaviy hordiq chiqarishga moslashtirilgan. Kutubxonada bolalar o‘yingohi, o‘yinchoqlar, Lego konstruktorlari va hokazolar bor. Shuning uchun u yerda juda ko‘p yosh bolalarni uchratish mumkin. Kiraverishda hech kim hujjat yo kutubxona a’zoligini so‘ramaydi. A’zolik kartochkasi faqat kitob olish paytida kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, kutubxona kitoblarini o‘z vaqtida qaytib bermaslik uchun belgilangan jarimalar bekor qilinibdi. Endi kitoblarni o‘z vaqtida qaytarib bermasangiz ham jarimaga tortilmas ekansiz. Bu haqda kutubxona kiraverishiga yozib qo‘yishibdi katta qilib. Chunki kitoblarni aksariyat hollarda kambag‘al oilalar vaqtida qaytarib berolmas ekan va jarimaga tortilarkan. Shuni inobatga olib, jarima umuman bekor qilinibdi.
Men ham bir necha bor Milliy kutubxonamizga tashrif buyurganman. Melisalar obdon tekshirgan, xuddi terrorchidek his qilganman o‘zimni. Ichkarida liftdan foydalanaman deganimda bitta qorovul melisa yugurib kelgan. Vaqtida tugmani bosib, tepaga chiqib ketganman".

«Iqtisodchi» telegram kanali esa talaba do‘stidan iqtibos keltiradi: «Polshada o‘qigan do‘stim bilan gaplashdik. U Milliy kutubxonamizga borib ko‘rganini aytdi va uni Varshava kutubxonasi bilan solishtirdi. ‘Kutubxona masalasida fikringizga qo‘shilaman. O‘ta yomon tizim qilib qo‘yishgan. Tekshiruvlar odamni bezdirib yuboradi. Bir marta borib, qaytib bormaydigan bo‘ldim.

Men, misol uchun, Varshava kutubxonasiga kirganman. Bizdagi Milliy kutubxonadan katta bo‘lishiga qaramay, tekshirish degan narsa yo‘q. Talabalik guvohnomasi yoki pasportni ko‘rsatib kirib ketaverasiz.

Ixtiyoriy obuna bo‘lish mumkin. Bu sizga kutubxonadan kitoblarni olib ketish imkonini beradi. Internet juda tez ishlaydi. Alohida o‘tirsa bo‘ladigan joylar ham bor, yolg‘iz kitob o‘qishni istaydiganlar uchun. Kitoblar juda ko‘p. Barcha sohalarda kitoblarni topish mumkin. Ham ilmiy, ham badiiy adabiyotlar jamlangan'.

Ma’lumot o‘rnida, Varshava kutubxonasi ikkita yerosti va to‘rtta yerusti qavatidan iborat (bunaqa katta hajmdagi kompleksda ham tekshirishlarni ko‘paytirmay xavfsizlikni ta’minlash mumkin, shekilli). Birinchi yerosti qavati deyarli butunlay savdo, xizmat ko‘rsatish obyektlari, kitob do‘konlari va boshqalar bilan band. 2-qavat «parkovka». Kutubxonaning 1-qavati fondlarga ajratilgan. Asosiy jamoat joylari ikkinchi qavatda joylashgan, uchinchi va to‘rtinchi qavatda o‘qish zallari bor".

Shuningdek, Turkiyaning Bursa shahridagi kutubxonalar haqida Bursa universiteti magistranti Ismoiljon Ikromov shunday yozmoqda: «Bu yerda kutubxonalar ko‘p. Ayniqsa, kichik — jamoat kutubxonalari. Ko‘pchiligi 24/7 rejimida ishlaydi. Borgan kutubxonalarimdan faqat bittasida politsiya turganini ko‘rdim. U ham skaner qurilmasidan o‘tkazish uchun. Kiyim, ichimlik, yeyishliklarga taqiq yo‘q. Aksariyatida bepul choy ham tarqatiladi. Kutubxonaga kirib biror kitob buyurtma qilishingiz, kitob o‘qib chiqib ketishingiz shartmas, boshqalarga xalal bermasangiz bas. Umuman, kutubxona jamoat uchun».

Xullas, kutubxonamizdagi ayrim tartiblar kitobxonni bezdiradi, xolos. Ruhan qandaydir qafas ichiga kirgandek ezadi, bema’ni qoidalar va tartiblar birinchi kelgan tashrifchini kalovlatadi, «qatiy tartiblar mamlakati«da yurgandek sezadi odam o‘zini.

Aslida kutubxonalar erkinlikni his qildirsin. Kitobxon shu yerda bexavotir, miriqib kitob o‘qish ilinjida shoshilsin. Hamma har doim kirish imkoniga ega bo‘lsagina «Nega kitob o‘qimaymiz?» degan savollar kamayarmidi…

To‘g‘ri foydalanuvchilarning hammasiyam tartibli emas, ularni ham ayblash mumkin. Lekin havo ifloslandi deb, burnimizni kesib tashlamaymiz-ku! Zamonaviy yechimlar kerak. Moslashish uchun avval biror yangilikni joriy etarmiz, ehtiyot choralarini birovning nafsini og‘ritmaydigan qilib tashkillashtirarmiz. Kutubxona rahbariyati tushunib yetishi kerak: taqiqlar hech qachon masalani hal etmagan, ratsional yechimlar zarur.

Hozir o‘quvchi majburlikdan, boshqa tanlovi yo‘qligidan (kutubxonada bosma va elektron kitoblar, dissertatsiyalar resursi juda katta) Milliy kutubxonaga borishga majbur. Boshqa chorasi yo‘q. Lekin kutubxona ham monopolligini sal chetga surib, imkon boricha yuqoridagi takliflarni ko‘rib chiqsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.