V.I.Vernadskiy nomidagi Qrim federal universitetining uchinchi kursida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik bir guruh talabalar ijtimoiy tarmoqlarda prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘lladi.

Davlat komissiyasining 7-son bayoni bilan Rossiya Federatsiyasining (Ukraina bilan chegaradosh) Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berilgandi.

«Keltirilgan hududlardan farqli o‘laroq, Qrim hududi ham harbiy xarakatlarga katta aloqadorligi va bu yerdagi ko‘p sonli portlashlarni hisobga olgan holda, Qrimda tahsil olayotgan talabalarning olib chiqilishi adolatdan bo‘lar edi. Biz bu vaqtga qadar juda ko‘p joylarga murojaat qilib ketgandik. Xususan, RFning Rostov-na-Donu shahridagi O‘zbekiston bosh konsulxonasiga qilgan murojaatlarimizdan ham hech qanday ijobiy javob ololmayapmiz», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 11 oktabr kuni Ukrainaga chegaradosh hududdagi Rossiyaning Kursk davlat tibbiyot universitetida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishni ko‘chirishni so‘rab Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgandi.