7 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari boshqa sohalar qatori zargarlikda ham imkoniyatlar juda kengligini ta’kidladi. Mamlakatda 300 mln dollarlik ichki bozor borligini, bu talabni mahalliy zargarlar bemalol qondirishi mumkinligini qayd etdi. Shu sababli ularni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 dekabrdan boshlab, oltin va kumushga kechiktirib to‘lash uchun barcha banklar va Eksportni rag‘batlantirish agentligi kafolatlari qabul qilinadi. Kafolat olish imkoniyati yakka tartibdagi zargarlar uchun ham yaratiladi.

Bundan tashqari, zargarlar ishlatadigan qimmatbaho va bezak toshlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Oltin, kumush va zargarlik uchun zarur boshqa xom ashyolarni qayta ishlash uchun vaqtincha olib kirish va olib chiqishda litsenziya talabi bekor qilinadi.

1 dekabrdan boshlab jismoniy shaxslarga 10 ming dollargacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini chetga olib chiqishga ruxsat beriladi (hozir 5 minggacha ruxsat berilgan).

Tegishli viloyatlar hokimlariga Samarqand, Buxoro va Qo‘qon shaharlarida zargarlik savdo va ishlab chiqarish majmualarini ishga tushirish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil may oyida zargarlar o‘z mahsulotlarini mustaqil sinovdan o‘tkazish, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni chakana savdoda sotish, shuningdek, aholidan qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar parchalari va ishlab chiqarish maqsadidagi buyumlarni sotib olish huquqiga ega bo‘lgandi.

Shuningdek, 2021 yil fevral oyida prezident o‘z farmoni bilan ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida yoki to‘lovni 180 kunga kechiktirish sharti bilan sotib olishga ruxsat bergandi.