Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Rossiya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi, deb xabar berdi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati.

Uchrashuv 20 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadi.13 noyabr kuni bosh murabbiy Srechko Katanets boshchiligidagi jamoa yig‘inni boshlaydi va mashg‘ulotlar doirasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Rossiyadan tashqari O‘zbekiston 16 noyabr kuni Qozog‘iston bilan ham o‘ynaydi.

Rossiya va O‘zbekiston terma jamoalari rasmiy o‘yinlarda to‘qnash kelishmagan.

Eurostavka.ru nashri Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonda Valeriy Karpin jamoasi bilan uchrashishni yo rejalashtirilmayotgani yoki undan qochilayotgani haqida yozgan edi. Biroq sentabr oyida Qozog‘iston futbol federatsiyasi Rossiya bilan o‘rtoqlik o‘yini bo‘yicha muzokara olib borayotganini ma’lum qildi.

«Biz tomondan, ayniqsa, ayrim OAV yozganidek, siyosiy sabablarga ko‘ra rad etish bo‘lmadi. Biz O‘FA bilan o‘rtoqlik o‘yini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz, ammo hozircha Rossiya tomoni biz taklif qilgan 16 noyabr sanasidan qoniqmayapti. Maslahatlashuvlar davom etmoqda», — degan edi KFF bosh kotibi Oljas Abrayev.

Iyun oyidayoq O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish rejalari haqida xabar berilgan edi. Eurostavka xabariga ko‘ra, Rossiya tomonining O‘zbekistonga do‘stlik uchrashuvi o‘tkazish haqidagi murojaatiga dastlabki javob rad javobi bo‘lgan. Biroq muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston tomoni 20 noyabr kuni o‘rtoqlik o‘yini bo‘yicha taklifni ko‘rib chiqishlarini ma’lum qilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli Rossiya bugungi kunda sanksiyalar doirasida FIFA va UEFAning barcha turnirlaridan chetlashtirilgan.

Dastlab FIFA Rossiya terma jamoasiga neytral maydonda va tomoshabinlarsiz, shuningdek, bayroq va madhiyasiz o‘yin o‘tkazishga ruxsat bergan edi. Ammo ertasi kuni UEFA va FIFA ham jamoalarni, ham terma jamoani barcha xalqaro musobaqalardan chetlashtirishga qaror qilishdi.