AQSh Markaziy qo‘mondonligi quruqlik kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari Vendul Xagler 50 ta yengil taktik jangovar transport vositalari — Polaris MRZR`ni O‘zbekiston mudofaa vazirligining maxsus operatsiyalar kuchlariga topshirdi, deya xabar berdi AQSh elchixonasi matbuot xizmati.

Texnika AQSh mudofaa vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «hamkorlar salohiyatini oshirish» dasturi orqali taqdim etildi. Avtomobillar 2,8 mln dollarga baholanmoqda va O‘zbekistonga bepul taqdim etilgan Amerika mudofaa mahsulotlarining bir qismini tashkil etadi.

«Ushbu texnikani uzatish Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonga o‘zining milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga hissa qo‘shish uchun taklif qilayotgan yordamning faqat bir shakli. AQSh so‘nggi 31 yil ichida sezilarli darajada o‘sib kelayotgan hamkorligimizni rivojlantirishga umid qilmoqda», — dedi Vendul Xagler.

«Hamkorlikning salohiyatini oshirish» dasturi AQShning xorijiy davlatlar bilan hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bunda qo‘shma Shtatlarning har bir geografik jangovar qo‘mondonligi tarkibida sherik davlatlarning salohiyatini oshirish uchun harbiy tayyorgarlik va muhandislik bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi, deyiladi xabarda.