O‘zbekistonda dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, dam olish kuni keyingi kunga ko‘chiriladi. Ushbu tartib Mehnat kodeksining yarim yildan so‘ng — 2023 yil 30 apreldan kuchga kiradigan yangi tahririda ko‘zda tutilgan.

Mehnat kodeksining amaldagi va yangi tahririga ko‘ra, quyidagilar bayram (ishlanmaydigan) kunlari hisoblanadi:

  • 1 yanvar — Yangi yil;
  • 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni;
  • 21 mart — Navro‘z;
  • 9 may — Xotira va qadrlash kuni;
  • 1 sentabr — Mustaqillik kuni;
  • 1 oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni;
  • 8 dekabr — Konstitutsiya kuni;
  • Ramazon Hayitining birinchi kuni (Iyd-al-Fitr);
  • Qurbon Hayitining birinchi kuni (Iyd-al-Adha).

Mehnat kodeksining amaldagi tahriri bayram kuni yakshanbaga to‘g‘ri kelib qolsa, keyingi kun dam olish kuni bo‘lishini nazarda tutmaydi. Amaliyotda bunday holatlar tez-tez uchrab turadi. Bunda, odatda, qo‘shimcha dam olish kunlari prezident imzolagan hujjatlar bilan taqdim etiladi.

«Agar dam olish kuni yakshanba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, unda navbatdagi ish kuni dam olish kuni sifatida e’lon qilinadimi? Dam olish kuni ishga chiqish so‘ralganlar yoki shunga majbur etilganlar-chi? Ular qanday yo‘l tutishi kerak?», — deya ta’kidlagandi deputatlar qonun loyihasining muhokamasida.

Kodeksning yangi tahririda dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, u holda dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kunidan keyingi ish kuniga ko‘chirilishi ko‘rsatib o‘tilgan (masalan, yakshanba — dam olish kuni 1 sentabrga to‘g‘ri kelsa, dam olish kuni dushanbaga ko‘chiriladi).

Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va tashkiliy sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, aholiga kundalik xizmat ko‘rsatish va boshqalar) ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda ishlanmaydigan bayram kunlari ishlarni bajarganda dam olish kunlari ko‘chirilmaydi.

Dam olish kunlaridan va ishlanmaydigan bayram kunlaridan xodimlarning oqilona foydalanishi maqsadida dam olish kunlari prezident farmoni bilan boshqa kunlarga ko‘chirilishi mumkin.

Kodeksda nazarda tutilgan hollardan tashqari dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlatish taqiqlanadi, deyiladi hujjatda.