18 noyabr — O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan 13 noyabrda mamlakatning 15 ta shahrida bir vaqtda «Yangi nafas» sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Marafonlarni o‘tkazish bo‘yicha 2 noyabr kuni poytaxt hokimligida matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar berli «Gazeta.uz» muxbiri.

O‘zbekistonning 17 ta nuqtasi: Farg‘ona, Qo‘qon, Namangan, Andijon, Chirchiq, Guliston, Jizzax, Samarqand, Qarshi, Termiz, Navoiy, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlari hamda poytaxtdagi Yangi O‘zbekiston va Ashxobod bog‘lari, Humo Arena sport majmuasi maydonida ommaviy marafonlar bo‘lib o‘tadi.

Bosh hakam Hasanboy Ortiqovning qayd etishicha, barcha nuqtalarda bo‘ladigan musobaqaning yagona masofa uzunligi 3 km etib belgilangan.

«Hamma joyda masofa bir xil bo‘ladi va musobaqa bir vaqtda: 13 noyabr, yakshanba kuni soat 12:30 da start oladi. Yuguruvchilar 9 yoshdan yuqori bo‘lishi kerak, unda ayolmi, erkakmi, barcha xohlovchilar qatnashishi mumkin. Har bir nuqtaga 23 nafardan hakam biriktiriladi. Ularga yordamchi sifatida talabalar orasidan ko‘ngillilar ham saralab olingan. Shuni alohida aytishim kerakki, musobaqaga nogironligi bor shaxslar jalb qilinadi va ularga ham foydali, qimmatbaho sovg‘alar beriladi», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, oxirgi besh yil ichida O‘zbekiston terma jamoasi safiga qo‘shilgan barcha sportchilar g‘oliblik uchun ishtirok etmaydi. Maqsad — boshqa sohada faoliyat yurituvchi fuqarolarni sport turlariga qiziqtirib, g‘oliblarni taqdirlash.


Foto: Yengil atletika federatsiyasi.

Sportni rivojlantirish vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sanatillo G‘ulomnazarovning so‘zlariga ko‘ra, musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha hukumat bayoni ishlab chiqilgan va tashkiliy qo‘mita tuzilgan.

«Har bir hududda viloyat rahbarlari darajasida shtab tuzilgan, alohida yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan. Musobaqani hamkor tashkilotlar mablag‘lari hisobidan o‘tkazish bo‘yicha sarf-xarajat smetasi tasdiqlangan. 17 ta nuqtada bo‘lib o‘tadigan musobaqa uchun davlat budjeti va homiylik pullari hisobidan 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. Mazkur pullar g‘oliblarga beriladigan sovg‘alar, medallar, futbolkalar, transport va boshqa xarajatlar uchun sarflanadi», — dedi u.


Foto: Yengil atletika federatsiyasi.

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zimuhammedovning aytishicha, ushbu yugurish musobaqalarida 30 mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Tadbir «Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda — birga yuguramiz» shiori ostida o‘tkaziladi.

«Ayollar va erkaklar o‘rtasida g‘olib bo‘lgan kuchli uchlikka qimmatbaho sovg‘alar tuhfa qilinadi. Nogironligi bor shaxslar o‘rtasida ham g‘oliblikka erishgan uchta o‘rin sohibi bo‘lgan erkaklar va ayollarga alohida-alohida sovg‘alar beriladi. Barcha g‘oliblarga velosiped va elektrosamokat taqdim etiladi. Bu sovg‘alar bilan viloyatlar va poytaxtdagi Humo Arena sport majmuasi maydonida bo‘ladigan musobaqalar g‘oliblari taqdirlanadi xolos», — dedi Kamoliddin Ro‘zimuhammedov.

ProRun xavaskor yuguruvchilar klubi rahbari Andrey Kulikov esa Yangi O‘zbekiston va Ashxobod bog‘laridagi o‘tkazilagidan marafonlarda qatnashish nega pullik ekanligiga izoh berdi.

«Birinchidan, Ashxaboddagi tadbir homiy va hamkorlar mablag‘lari hisobiga tashkillashtirilmoqda, bunda budjet mablag‘lari jalb qilinmagan. Ikkinchidan, barchaga maxsus futbolkalar bepul tarqatiladi, ulardan 400 tasi e’lon qilingan dizaynda, yana 200 tasi esa yangicha dizaynda bo‘ladi. Shuningdek, ishtirokchilarga 150−200 ta medal ham beriladi. Har bir medal narxi 100 ming so‘m turadi. Ishtirok etish summasi esa 50 ming so‘mni tashkil qilmoqda», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, badal puli kiritilishining sababi bor. Tajribada odamlar marafondan oldin futbolkani qo‘lga kiritishgani va aslida yugurishga kelmaganligi kuzatilgan. «Inson mas’uliyatliroq bo‘lishi uchun qanchadir summani belgilash kerak. Qolaversa, xorij tajribasi, masalan, Yaponiyada barcha yugurishlar to‘liq pullik asosda o‘tkaziladi», — dedi Andrey Kulikov.

Humo Arena`da esa marafon oldidan tarqatish jarayoni bo‘lib o‘tadi. Bitta chip narxi 2 dollar, yirtilmaydigan ishtirokchi raqami esa 1 dollar turadi. «Xronometraj xizmatlari juda qimmat, chunki tizimning o‘zi 25 ming dollar atrofida turadi. Men buni ishtirokchilar yoki kuzatuvchilar nima uchun bunaqa summa belgilangan degan savol bermasliklari uchun ataylab aytayapman», — dedi u.

Kamoliddin Ro‘zimuhammedovning qayd etishicha, ommaviy yugurish musobaqasi doirasida har bir hududda ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab ommaviy fleshmoblar ham tashkil etiladi.