O‘zbekiston TIV rahbari Vladimir Norovning Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashuvi doirasida bir qator hujjatlar imzolandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

2022 yil 3 noyabr kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi. Tashqi ishlar vazirlari Vladimir Norov va Jeenbek Kulubayev boshchiligidagi delegatsiyalar O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlar, shu jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.


Mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha Tadbirlar rejasini («Yo‘l xaritasi») ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Birgalikda yirik infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirish, jumladan, «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish masalalari alohida muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar yo‘nalishda qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fikr almashinildi.


O‘zbekiston delegatsiyasining Bishkekga tashrifi doirasida quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma;
  • Andijon (Kampir-Obod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim;
  • O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi va Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv resurslari xizmati o‘rtasida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik akademiya o‘rtasida hamkorlik Shartnomasi;
  • «O‘zarxiv» agentligi va Qirg‘iziston Raqamli rivojlanish vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi.

Shuningdek, tashqi ishlar vazirlarining Qo‘shma bayonoti hamda 2023−2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi tashqi siyosat idoralari o‘rtasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Shartnomada nimalar kelishiladi?

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari ikki davlat chegarasidagi Kampir-Obod (Andijon) suv omborini boshqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tuzilganini ma’lum qilgandi.

«Umuman olganda, bahsli yerlarning deyarli 99 foizi bizning foydamizga. Kempir-Obod avvallari to‘liq o‘zbek tomoni nazoratida bo‘lgan, ammo endi biz 50/50 ulushga ega qo‘shma korxona tuzamiz va [suv ombori] to‘g‘onini birgalikda boshqaramiz, deb kelishib oldik», — deb yogandi u Facebook`da.

Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, suv omboridagi suv sathi 908-gorizontaldan 900-gacha pasayadi. Natijada suv ombori qirg‘og‘idagi 1246 gektar yer bo‘shatiladi va qirg‘iz xalqi undan qishloq xo‘jaligida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 10 oktabr kuni mamlakat parlamentining tegishli qo‘mitasi yig‘ilishida O‘zbekiston bilan chegara chizig‘i bo‘yicha kelishuv loyihasi, qo‘shni davlatga qancha yer berilgani va Qirg‘iziston nima olgani haqida ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, Qirg‘izistonga 19 ming gektardan ziyod, Kampir-Obod (Andijon) suv ombori suvlari hududi — 4485 gektar yer O‘zbekistonga berilishi qayd etilgan.

Ichki noroziliklar

Qirg‘izistonning ayrim faollari va chegara hududida yashovchi mahalliy aholi kelishuv shartlariga rozi bo‘lmadi. Ular boshchiligida 22 oktabr kuni Kampir-Obod mudofaa qo‘mitasi tuzildi. Unga siyosatchilar va faollar qo‘shildi. 25 oktabr kuni Bishkek sudi Kampir-Obod suv ombori hududining O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqqan 20 ga yaqin odamni deyarli ikki oyga hibsga oldi.

Voqeadan ikki kun avval qo‘mita o‘zining Facebook`dagi sahifasida O‘zbekiston prezidentiga Sadir Japarov bilan imzolanishi rejalashtirilgan kelishuvni «xalqlarimiz uchun strategik, hayotiy muhim suv resurslari atrofidagi muammoli va munozarali masalalar hal etilgunga qadar kechiktirish» so‘ralgan murojaatini e’lon qilgan edi.

Qo‘mita parlamentning Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya masalalari bo‘yicha profil qo‘mitasining bor-yo‘g‘i ikkita yig‘ilishi Kampir-Obod masalasini muhokama qilganini ma’lum qildi. «Muhokama deputatlarga to‘liq bo‘lmagan hujjatlar va ma’lumotlar ro‘yxati taqdim etilgan holda jamoatchilik uchun yopiq rejimda o‘tkazildi», — deyiladi murojaatda. Jamoatchilikning oshkora muhokama talabi fuqarolik jamiyati vakillarining ommaviy hibsga olinishiga olib keldi, deyiladi qo‘mita murojaatida.

Faollar «Kampir-Obod suv omborini hamkorlikda boshqarish bilan bog‘liq muammolar va oqibatlarini hal qilishda yanada ehtiyotkor yondashish, ikki birodar xalq o‘rtasidagi nizo emas, balki manfaat manbai bo‘lib qolishi»ga chaqirgandi.