31 oktabr kuni (№ 3395) kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati. Mazkur qoidalar kripto-do‘kon faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Unga ko‘ra, kripto-do‘kon o‘z faoliyatini elektron platforma yoki savdo obyekti orqali amalga oshiradi.

Kripto-do‘konning elektron platformasi orqali:

  • ️jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish yoki sotish;
  • ️chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni xorijiy valyutada sotib olish yoki sotish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, kripto-do‘konning savdo obyekti orqali:

  • jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish;
  • ️mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni naqd pul ko‘rinishida milliy yoki xorijiy valyutada sotib olish;
  • ️mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni faqat milliy valyutada sotish.

Kripto-do‘konda️ majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilmagan mijozlar bilan amalga oshiriladigan va O‘zbekiston rezidentlari tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlar bilan operatsiyalar️, shuningdek, anonim kripto-aktivlar hamda o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni sotib olish yoki sotish operatsiyalari amalga oshirish taqiqlanadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ilk marta 2018 yilda prezident blokcheynni joriy etish, kriptobozor, mayning, smart-shartnomalarni rivojlantirish — raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Keyinchalik, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Nizomga ko‘ra, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

2021 yilda ushbu agentlik tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga kripto-birjalarda kripto-aktivlar va tokenlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini milliy va chet el valyutasida amalga oshirishga ruxsat berishni ko‘zda tutuvchi loyiha muhoqamaga qo‘yilgan edi.

2021 yilning noyabrida esa tegishli buyruq bilan O‘zbekiston rezidentlari kriptoaktivlar va tokenlar bilan barcha turdagi operatsiyalarni milliy valyutada (so‘mda) amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.

Joriy yilning sentabr oyida esa O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar миқдориbelgilandi. Jumladan, mayning faoliyati uchun — BHMning 10 baravari (3 mln so‘m), kripto-birja faoliyati uchun — BHMning 400 baravari (120 mln so‘m) kripto-do‘kon faoliyati uchun — BHMning 20 baravari (6 mln so‘m) to‘lov qilish kerak bo‘ladi.