Ijtimoiy tarmoqlarda «Andijonda o‘quvchilardan viloyat hokimi savollariga shukronalik hissi bilan javob berish kerakligi» aks etgan xabarlar tarqaldi. Unda barcha sinf rahbarlariga svet va gaz muammosini gapirmaslik ham talab qilingan. Shuningdek, ularda o‘qish niyati bo‘lmasa ham «ular 100% kelajakda o‘qishga kirish istagini bildirishi kerakligi» aytilgan. Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilardan bunday narsalarni talab qilmaslikni so‘radi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati esa rasmiy munosabatida ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan bunday topshiriqlar tuman hokimligi va tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan berilmaganligini ma’lum qildi.

Keltirilishicha, viloyatning Jalaquduq tumanidagi maktablarda tahsil olayotgan «o‘quvchi-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni qiziqishlariga qarab yo‘naltirish maqsadida tumani hokimi Hikmatillo Latipov ishtirokida „Hokim va yoshlar“ uchrashuvlari, ochiq muloqotlar va davra suhbatlari tashkil etib kelinmoqda».

Lekin aynan 2 noyabr kuni tarqalgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvi o‘tkazilishi haqidagi xabarlar asossiz bo‘lib, tumandagi maktablarda «Hokim va yoshlar» uchrashuvi o‘tkazilishi belgilanmagan.

Hokimlik bunday ochiq-muloqot tadbirlarida ularga faqatgina tadbirda odob-axloq qoidalari rioya etishlari yuzasidan tavsiyalar berilishini ta’kidladi. Ana shunday uchrashuvlar ularni fikrlarini erkin bayon etishlari uchun ham tashkil etilishini qo‘shimcha qildi.

Tumandagi barcha maktab jamoalariga, pedagog-ustozlariga o‘quvchilarini sifatli ta’lim olishlari yo‘lidagi faoliyatlarini samarali olib borishlarini, turli asossiz xabarlar muhokamalariga berilmagan holda faqat ta’lim jarayonlari bilan shug‘ullanishlarini so‘rab qolamiz, deyiladi xabarda.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova o‘quvchilarga mana bu yozuvdagi kabi narsalarni uqtirish, singdirish yo‘li bilan ularni O‘zbekiston kelajagini quradigan yoshlar qilib tarbiyalab bo‘lmasligini, ta’limda bunday insonlarning ishlayotganligi achinarli ekanini keltirdi.

Hokim Andijon farzandlarining otasi ekan, farzand otasiga o‘zini qiynayotgan har qanday masalani aytishga haqqi bor, otasi eshitmagan bolani ko‘chada begonalar eshitadi, bu esa yaxshilikka olib kelmaydi. Hokim ham aynan shu uchun yoshlar bilan uchrashgani kelayotgani aniq, bu yo‘l bilan o‘zingizni yaxshi ko‘rsatmang, dedi u.

Ma’lumot uchun, Jalaquduq tumanida 55 umumta’lim maktablari va bitta «Barkamol avlod» bolalar maktabi bor. Ularda jami 32 ming 960 nafar o‘quvchi-yoshlar (16 ming 680 nafar o‘g‘il bolalar, 16 ming 280 nafar qizlar) o‘qiydi.