Britaniyaning Collins English Dictionary tuzuvchilari 2022 yil so‘zi sifatida «permakrizis» (permacrisis)ni tanladi. Bu permanent (doimiy) va crisis (inqiroz) so‘zlarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan atama «uzoq vaqt davom etadigan beqarorlik va ishonchsizlik»ni anglatadi.

Bu so‘z, xususan, Buyuk Britaniya va butun dunyo duch kelgan va duch kelayotgan inqirozlarni, jumladan, siyosiy beqarorlik, Ukrainadagi urush, iqlim o‘zgarishi va yashash narxining oshishini tavsiflaydi.

Yil so‘ziga nomzodlari qatorida «Kiyev», «patigeyt» (partygate) — karantin vaqti uyida bazm tashkil qilgan Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson bilan bog‘liq mojaro, «spluting» (splooting) — yuzada oyoq va qo‘llarni cho‘zgan holda qorin bilan yotish, «iliq joy» (warm bank) — energiya narxining ko‘tarilishi sharoitida isinib olish uchun mo‘ljallangan jamoat binosi yoki joyi ma’nosini anglatuvchi so‘zlar bor edi.

O‘tgan yili eng ommabop so‘z sifatida NFT (non-fungible token — tasvir yoki video kabi aktivga egalik huquqini beruvchi blokcheynga asoslangan token), 2020 yilda esa «lokdaun» tanlangan edi.