Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining sentabr oyida ishdan olingan sobiq hokimi Erkin Alimov budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Dastlabki tergov harakatlari davomida ma’lum bo‘lishicha, u mazkur tumandagi umumiy qiymati 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yerni auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirgan.

Shuningdek, tumandagi banklar uning yaqin qarindoshlari nomiga turli maqsadlarda 166 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratgan. Ularning katta qismi muammoli kreditga aylangan. Hozirda bank muassasalari o‘z vaqtida to‘lov qilinmagan 121 mlrd 406 mln so‘mlik kreditni undirish uchun tegishli ishlar olib bormoqda.

Bundan tashqari, «Surxondaryodonmahsulotlari» AJda ham taftish olib borilmoqda. Unda aniqlanishicha, sobiq hokim ishtirokida qiymati 35 mlrd so‘mlik 9,6 ming tonna don talon-toroj qilingan. Erkin Alimov 2010—2017 yillarda ushbu tashkilot rahbari lavozimida ishlagan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha jamiyatning 20 dan ortiq mas’ul-mansabdor shaxslari tergov harakatlariga jalb qilingan va ular Erkin Alimovning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan ko‘rsatmalar bermoqda, deyiladi xabarda. Hozirda tergov davom etyapti.

DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Jinoyat kodeksining 167- (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209- (mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.