«Jartepa» chegara bojxona postida fuqarolar va transport vositalari harakatlanishiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi, deya xabar qilmoqda Samarqand viloyati IIB.

«Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida „Jartepa“ chegara bojxona postida joylashgan binolarni kapital ta’mirlash va hududda obodonlashtirish ishlari olib borilayotganligi sababli, 2022 yilning 5−12 noyabr kunlari mazkur bojxona posti orqali fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishlariga vaqtinchalik cheklov joriy etildi», — deya qayd etilgan xabarda.

Mazkur cheklov quyidagi holatlarda tadbiq etilmaydi:

  • diplomatik va xalqaro tashkilotlar xodimlariga;
  • rasmiy (hukumat) delegatsiyalar tarkibiga kiruvchi shaxslarga;
  • respublikada investitsiya loyihalari doirasida faoliyat yuritib kelayotgan xorijiy tashkilotlar xodimlariga;
  • xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga;
  • mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga;
  • Tojikiston davlatida doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolariga;
  • o‘z yurtiga qaytayotgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga;
  • Tojikistonga ketayotgan uchinchi davlat fuqarolariga.

Avvalroq, Samarqand aeroporti Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti o‘tadigan kunlarda yopilishi haqida xabar qilingandi.