O‘zgidromet noyabr oyi uchun taxminiy prognozlarini e’lon qildi. Iqlim ma’lumotlari va jahon prognoz markazlarining prognostik ma’lumotlaridan foydalangan holda sinoptiklarning dastlabki baholishiga ko‘ra, ushbu yilning noyabr oyi odatdagidan biroz quruqroq va sovuqroq bo‘ladi.

Qayd etilishicha, noyabr oyining o‘rtacha harorati odatda oktabrga nisbatan 5−7 darajaga past bo‘ladi. Yog‘ingarchilik tez-tez, uzoq davom etadi va jadal bo‘ladi. Noyabrda yomg‘irni qorga aylanish holatlari odatiy holdir. Tog‘li hududlarda ba’zi joylarda birinchi qor qoplami hosil bo‘lmoqda, odatda bu qoplam beqaror bo‘ladi.

Ayrim yillarda noyabr oyining eng iliq kunlarida havo harorati +22…+27 darajagacha ko‘tariladi. Biroq, ko‘pincha oyning birinchi yarmida kunduzgi harorat +13…+18 daraja, ikkinchi yarmida esa +8…+13 daraja atrofida bo‘ladi.

O‘tgan asrning o‘rtalarigacha bo‘lgan eng sovuq noyabr oylarida havo harorati ba’zan −13…−18 darajagacha va undan ham pastroqqa, shimolda esa −22…−27 darajagacha pasaygan. So‘nggi 50 yil ichida O‘zbekiston bo‘yicha noyabr oyida bunday sovuqlar kuzatilmagan. Kamdan kam kechalarda harorat −5…−7 darajagacha, shimolda −14…−16 darajagacha pasayadi. Faqat 2016 va 2020 yillardagi noyabr oylarining so‘nggi o‘n kunligida −9…−12 daraja sovuqga, shimolda −20…−23 daraja sovuqga yetdi.

O‘zgidrometning dastlabki baholishiga ko‘ra, 1 noyabr kuni respublikaning barcha hududlari bo‘yicha havo harorati +17…+20 daraja iliq bo‘lgan quruq va juda iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Biroq 2 noyabrdan respublika bo‘yicha havo sovuqlashadi, hududlarning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

Keyinchalik O‘zbekistonda noyabr oyining birinchi haftasi davomida beqaror ob-havo kutilmoqda, +12…+15 darajada iliq atrofida bo‘lgan nisbatan salqin harorat fonida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, nisbatan sezilarli sovuq tushishi kutilmoqda.

Keyinchalik iliq va sovuq to‘lqinlar bir-biri bilan o‘rin almashadi va harorat kechalari +5…+8 daraja iliqdan +2…+5 darajagacha, kunduz kunlari +15…+18 dan +5…+8 darajagacha o‘zgarib turadi. Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘adi, sovuq davrlarda qorga aylanadi.