1 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha u jurnalistlar bilan muloqot qildi. Vazirlik matbuot xizmati uchrashuv tafsilotlarini e’lon qildi.

«O‘zbekiston — Germaniya munosabatlari, aloqalarimiz, jumladan, oliy darajdagi muloqot so‘nggi yillarda yanada ishonchli va tizimli, ijobiy sur’atlarda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdik», — dedi Vladimir Norov.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri joriy yilning o‘zida ikki davlat rahbarlarining ikki marta (14 mart va 29 avgust kunlari) «mazmunli va samarali telefon muloqoti» bo‘lib o‘tganini, ularda hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilinganini ta’kidladi.

«Biz oliy darajadagi muloqotni yanada rivojlantirish va Germaniya Federativ Respublikasining amaldagi kansleri Olaf Shols bilan uchrashuv tashkil etish masalalarini ishlab chiqishdan manfaatdormiz», — dedi vazir.

Vazir, shuningdek, muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik, Afg‘onistonda barqaror tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash hamda Ukrainadagi vaziyat yuzasidan fikr almashganini ma’lum qildi.

«Ushbu masalalarning ko‘pchiligi bo‘yicha tomonlarning pozitsiya va yondashuvlari o‘xshashligi qayd etildi», — dedi Vladimir Norov.

Muzokaralar chog‘ida vazirlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi va Germaniya Inson huquqlari instituti o‘rtasida muloqot o‘rnatish tarafdori bo‘lishdi. Vladimir Norov germaniyalik ekspertlarni 5−6 dekabr kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Inson huquqlari sohasida ta’lim global forumiga taklif qildi.

Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, xususan, «Yashil makon» milliy dasturi va Germaniya tashqi ishlar vazirligining «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi doirasidagi hamkorlikni muhokama qildi.

Annalena Burbok O‘zbekistonning Orol dengizi inqirozi oqibatlariga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi va Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.